O‘zbekistonliklarning banklarga ishonchsizligi ularning likvidligiga ta’sir qilmoqda

Aholining moliya institutlariga ishonchi yo‘qligi sababli O‘zbekiston bank sektoridagi likvidlik pastligicha qolmoqda. Bu haqda TBC Bank direktorlar kengashi raisi Spartak Tetrashvili «Kapital bozori: investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar» konferensiyasida qayd etdi.
«Odamlar hali ham banklarga to‘liq ishonmayapti. Asosan, kapital yostiq ostida qolmoqda», – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar hamon jamg‘arishning chorvachilik yoki ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish kabi an’anaviy usullarini afzal ko‘radi.
Tetrashvilining ta’kidlashicha, banklarning asosiy vazifalaridan biri mamlakat ichida joylashgan mablag‘larni jalb qilish bo‘lib qolmoqda. Bank rivojlanishining asosiy muammolaridan biri ham aholining moliyaviy savodsizligidir.
O‘z navbatida, Agat Credit kuzatuv kengashi raisi Arman Mangitov o‘zbekistonliklarni aksiyalar bilan savdoda ishtirok etishga chaqirdi. Bu bank sektorida qimmatli qog‘ozlar likvidligini oshirishga yordam beradi.
Ushbu konferensiya to‘rtta sessiyadan iborat bo‘lib, har bitta sessiya quyidagi mavzular bo‘yicha o‘tkazilmoqda;
- Birinchi sessiya: O‘zbekistonda investorning e’tibori qayerga qaratilmoqda?
- Ikkinchi sessiya: O‘zbekiston obligatsiyalari bozori: yangi investitsiya vositalari
- Uchinchi sessiya: Pul qayerda ishlaydi?
- To‘rtinchi sessiya: Qanday qilib fond bozoriga chiqish va investorlarni jalb qilish mumkin?
Birinchi sessiyada ILMA raisining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak, «Toshkent» fond birjasi raisi Georgiy Paresishvili, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Mansurjon Rasulev va Jett asoschisi Tolibjon Mirzaqulov spiker sifatida qatnashib, bugungi kunda O‘zbekistonda investorning e’tibori qayerga qaratilayotgani yuzasidan fikr almashdi.