Pokistonning Karachi portida O‘zbekiston tovarlari uchun tranzit ombor quriladi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi Karachi portida bo‘ldi
Pokistonning Karachi portida O‘zbekiston tovarlari uchun tranzit ombor quriladi. Foto: East Fruit

Pokistonning Karachi portida O‘zbekiston tovarlari uchun tranzit ombor quriladi. Bu haqda Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.

O‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi Karachi portida bo‘lib, port ma’muriyati va mahalliy logistika kompaniyalari vakillari bilan mahsulot eksportini kengaytirish masalasini muhokama qildi. Muzokaralar O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi respublikadan keladigan tovarlar uchun maxsus ombor tashkil etishni taklif qildi. Kutilishicha, bu yuklarni vaqtinchalik saqlash va tranzitni soddalashtirib, ularni jahon bozorlariga tezroq chiqarish va logistika xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Pokiston tomoni O‘zbekistondan qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm mahsulotlari va meva-sabzavotlarga qiziqish bildirgan.

Mehmonlarga konteyner parki, yuklarni bojxona nazorati va ko‘rikdan o‘tkazishning raqamli tizimlari haqida ma’lumot berildi. Savdo-sanoat palatasi yangi eksport yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokistonning TCS kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazi ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Rejalarda markazni Navoiy yoki Termizda ishga tushirish ham ko‘zda tutilgan.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasini palata raisi o‘rinbosari Akobir To‘xtayev kompaniya rahbariyati bilan muhokama qildi. Ular orasida Pokiston – O‘zbekiston – YOII mamlakatlari bo‘yicha pilot logistika yo‘nalishi ham bor.

O‘zbekiston elektron tijorat va raqamli logistika sohasida ham hamkorlikni taklif qildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

Shuningdek