Yangiliklar

Qirg‘iziston O‘zbekistondan o‘tgan yirik yer maydonlarini davlat mulki sifatida qabul qildi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi qarorni tasdiqladi
Foto: Anadolu

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan ikki yirik yer maydonini davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu haqda 24kg nashri xabar berdi.

Mazkur hududlar Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida, ikki davlat chegarasi bo‘ylab joylashgan.

Birinchi yer maydoni 100 gektar bo‘lib, Qora-Suv tumanida, 312/4 va 312/6 chegara punktlari oralig‘ida joylashgan. Ikkinchisi esa 198,44 gektar maydonli Aravan tumanidagi 324 va 328-punktlar orasida joylashgan.

Qirg‘iziston Davlat yer resurslari, kadastr, geodeziya va kartografiya agentligi hamda prezidentning O‘sh viloyatidagi vakili bir oy ichida mazkur yer maydonlarini inventarizatsiya qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiradi.

Shuningdek, Qora-Suv va Aravan tuman ma’muriyatlariga mazkur yer maydonlarini tegishli mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga Qora-Suu va Kerme-Too ayil okruglariga tekin topshirish va ularni maqsadli foydalanishni ta’minlash vazifasi yuklatildi. Ushbu qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Bundan tashqari, yangi ma’muriy chegaralar xaritasi tayyorlanadi va davlat chegarasini demarkatsiya qilish yakunlanganidan so‘ng hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Avvalroq «Kursiv» Qirg‘iziston Xitoydan O‘zbekistonga temir yo‘l qurilishini boshlangani haqida yozgandi.