
SAIC va Alibaba Xitoy bozorida IM LS9 nomi ostida to‘liq o‘lchamli yangi NEV krossoverini bozorga chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.
Yangi avtomobil shu yil ichida Xitoy bozoriga kirib keladi, chunki SAIC o‘zining shu’ba korxonasi savdo hajmini oshirishni maqsad qilgan.
IM Motors – SAIC va Alibaba qo‘shma korxonasi bo‘lib, 2020-yilda yuqori darajadagi brend sifatida ishga tushirilgan. Brendning amaldagi model qatori to‘rt ta elektr avtomobildan iborat: L6 va L7 sedanlari hamda LS6 va LS7 krossoverlari. Yaqinda ikki tomon yangilangan IM LS6 krossoverini EREV (gibrid elektr) kuch uzatish tizimi opsiyasi bilan sotuv litsenziyasi uchun ariza topshirdi. Shu yilning o‘zida IM Motors o‘zining flagman modeli – LS9 krossoverini ham taqdim etadi.
Avtomobilning ichki ko‘rinishi

Modelda oval shakldagi rul, salonida ikki dona simsiz telefon zaryadlash paneli, bir nechta stakan qo‘yish joyi va keng bo‘lim mavjud. Avtomobil markaziy konsolida katta displey joylashgan.
IM LS9 hali kamuflyaj ostida. Old faralari hali yakuniy ko‘rinishda emas, chunki bu testning dastlabki bosqichi. Shunga qaramay, LS9 old qismining umumiy dizayni ilgari oshkor etilgan yangi LS6 SUV bilan uyg‘unlashadi. Old qismi yopiq bo‘lib, old bamperning pastki qismida kichik havo kirish joyi mavjud. Avtomobil Y shaklidagi faralar bilan jihozlanadi va ular LED chiziq bilan bog‘langan.



LS9’ning tomi biroz qiyshiq ko‘rinishga ega, LiDAR sensori, yashirin eshik tutqichlari va besh spoke’li disklar bilan jihozlanadi. Shuningdek, bu krossoverning B va C ustunlari orasidagi masofa katta ekanligi diqqatga sazovor. Bu ikkinchi qatordagi yo‘lovchilarga oyoq uchun joy beradi. IM LS9 uch qatorli SUV bo‘ladi. Biroq o‘rindiqlar tartibi hali oshkor etilmagan.
IM LS9 quvvat moslamasi
Hozircha LS9 texnik xarakteristikasi yoki kuch uzatish tizimi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Biroq bu modelning ham BEV, ham EREV versiyalari bo‘lishi kutilmoqda.
IM LS9 ning BEV (to‘liq elektr) versiyasi yangi LS6’da qo‘llanilgan ikki motorli 4WD tizimini qabul qilishi mumkin. Uning umumiy maksimal quvvati 500 kVt (670 ot kuchi). EREV variant esa 1,5 litrli turbali generator (114 kVt/153 ot kuchi) va 230 kVt (308 ot kuchi) quvvatga ega elektr motor bilan jihozlanishi mumkin. Bu kuch uzatish tizimi LS6 modelida ham qo‘llaniladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet ikkita SUV modelini Chilida sotuvga chiqargani haqida yozgandi.