Gadjetlar

Samsung Galaxy Z Fold7 dizaynini eski versiyalar uslubiga qaytaradi

Qurilma nafaqat yangi texnik xususiyatlarga, balki qayta ishlangan tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi

Samsung Galaxy Z Fold7 dizaynini eski versiyalar uslubiga qaytaradi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma nafaqat yangi texnik xususiyatlarga, balki qayta ishlangan tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri qurilmaning qalinligi kamayishi bo‘ladi. Yangi renderlarda Z Fold7 yarim ochilgan holatda avvalgi modelga qaraganda ancha yupqa ko‘rinadi. Bu quvvat tugmasi atrofidagi bo‘sh joyning kamayganidan seziladi. Bundan tashqari, Samsung ichki ekrandagi ko‘rinmas kamera texnologiyasidan voz kechib, boshqa smartfonlaridagi kabi oddiy old kamera teshigiga qaytdi.

Samsung Galaxy Z Fold 7 - Fresh Look and Mystery Samsung Foldable?

Orqa tomonda ham o‘zgarishlar bor. Fold6’dagi kameralar dizayni tanqid qilingach, kompaniya modul ko‘rinishini yanada minimalistik qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, smartfon Snapdragon 8 Elite protsessori, 200 MP asosiy kamera, 10 MP teleobyektiv (3 karra zoom), 12 MP ultra keng burchakli kamera, 8,2 dyuymli ichki va 6,5 dyuymli tashqi ekran bilan jihozlanadi. Galaxy Z Fold7 va boshqa Samsung yangiliklarining taqdimoti 9-iyulga rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy A55 smartfoni muhim o‘zgarish bilan taqdim etilishi haqida yozgandi.

Samsung Galaxy A55 smartfoni Android 16 tizimida ishlaydigan One UI 8.0 versiyasining test yig‘ilmasida paydo bo‘ldi. Bu Samsung yangi operatsion tizim ustida allaqachon ish boshlaganini ko‘rsatadi.

Hozircha ushbu yangilanish faqat Galaxy S25 qurilmalari uchun beta ko‘rinishda mavjud. U hamma davlatlarda uchramasligi mumkin.

Galaxy A55 uchun ochiq beta sinovlari yaqin oylarda boshlanishi kutilmoqda. Yakuniy, ya’ni to‘liq versiyasi esa yil oxirigacha chiqarilishi mumkin. Yangi tizimga o‘tish smartfonning ishlash tezligiga ta’sir qilmagan – u avvalgi One UI 7 va Android 15 bilan bir xil darajada qolgan.