Sukerberg superintellekt yaratmoqda: Meta aksiyalari rekord darajaga koʻtarildi

eʼlon qilindi
Bu yangilik ortidan Meta aksiyalari 30-iyun kuni $747,9 ga oshdi
Meta aksiyalari rekord darajaga koʻtarildi. Foto: Mexem.com

Meta asoschisi Mark Sukerberg inson aqlidan ham yuqori vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellekt – superintellekt yaratish boʻyicha yangi boʻlinma ishga tushirdi. Bu yangilik ortidan Meta aksiyalari 30-iyun kuni $747,9 ga oshdi hamda oʻz tarixidagi rekordni yangiladi.

Ma’lum qilinishicha, yangi boʻlinmaga Meta Superintelligence Labs (MSL) deb nom berilgan. Unga sun’iy intellekt sohasida tajribali menejer – Scale AI startapining sobiq rahbari Aleksandr Van boshchilik qiladi.

«SI sohasida taraqqiyot shiddat bilan oʻsmoqda. Superintellekt endi orzu emas, balki reallikka aylanmoqda. Bu insoniyat uchun yangi davrning boshlanishi boʻladi va Meta bu poygada yetakchilik qiladi», – deydi Sukerberg.

Investorlar bu loyihani ijobiy qarshi oldi. Yil boshidan beri Meta aksiyalari texnologik gigantlar ichida eng tez oʻsib, 26 foizga qimmatlashdi. Taqqoslash uchun, kompyuter chiplari ishlab chiqaruvchisi Nvidia aksiyalari shu davrda 17 foizga oshdi.

Sukerberg yangi boʻlinmaga mutaxassislarni shaxsan oʻzi tanlamoqda. 50 nafarga yaqin tajribali injener va olimlar jalb qilinmoqda. Ular orasida Scale AI, Safe Superintelligence, OpenAI, Anthropic, Google va DeepMind kabi sun’iy intellekt bozorining eng ilgʻor kompaniyalaridan mutaxassislar bor. CNBCʼning ma’lum qilishicha, Meta hatto ba’zi OpenAI xodimlariga $100 milliongacha boʻlgan bonuslarni taklif qilgan.

Yangi laboratoriya inson darajasidagi umumiy sun’iy intellekt – AGI ishlab chiqadi va kompaniyaga yangi daromad manbalarini yaratadi. Bunda SI Instagram va WhatsAppʼdagi reklamalardan tortib, aqlli koʻzoynaklar va tasvirlarni videoga aylantirishga qadar yangi xizmatlarni hayotga tatbiq etadi.

Ba’zi tahlilchilar Meta bu yoʻlda navbatdagi muvaffaqiyatsizlikka uchrashini taxmin qilmoqda. Misol uchun, Sukerbergning Reality Labs boʻlinmasi 2020-yildan buyon $60 milliarddan ortiq sarmoya yutdi, lekin natija sifatida hozircha Ray-Ban aqlli koʻzoynaklari va Quest VR garnituralari mavjud, xolos.

Shunga qaramay, UBS tahlilchilari Meta aksiyalarining maqsadli narxini oshirib, kompaniyani «sotib olish» tavsiyasini saqlab qoldi. Mutaxassislar fikricha, korporatsiyaning SI boʻyicha ulkan xarajatlari allaqachon bozor narxiga kiritilgan, ammo uzoq muddatli daromad manbalari hali ochiq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta va Apple Perplexity sun’iy intellekt startapiga qiziqish bildirayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek