Toshkent arxitektura-qurilish universitetida dual ta’lim tizimi joriy etiladi

Prezidentning Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati zamon talablariga moslashtirish, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, universitetda ta’lim sifatini oshirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida dual ta’lim tizimi to‘liq joriy qilinadi. Bu tizim orqali o‘quv jarayonlari bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtiriladi. Shuningdek, ilmiy salohiyatni eksport qilish doirasida 2028-yilga qadar universitet brendini shakllantirib, kamida 1 ming nafar xorijiy talabani jalb etish maqsad qilingan.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab universitetda o‘qitish kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi. 1-kurs talabalari uchun ta’lim dasturlarining 60 foizi nazariy darslar tarzida auditoriyalarda o‘tilsa, qolgan 40 foizi amaliyot shaklida qurilish sanoati korxonalarida tashkil etiladi. 2, 3 va 4-kurs talabalarida esa bu nisbat o‘zgarib, 40 foiz nazariy va 60 foiz amaliy mashg‘ulotlar tarzida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yoshlari Top – 500 oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqqani haqida yozgan edik.