Tramp 249 dollarlik yangi atirni sotuvga chiqardi

AQSH prezidenti Donald Tramp «Victory 45-47» nomli yangi atir turkumini taqdim etdi. Bu haqda prezident Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu parfum «g‘alaba, kuch va muvaffaqiyat» ramzi bo‘lib, erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan.
Yangi atir taqdimotidan bir necha soat o‘tib, sakkiz xil aromatdan to‘rttasi allaqachon sotib bo‘lingan. Qolgan atirlar narxi $199 dan $249 gacha belgilangan.

Trampning rasmiy saytida bu atir «Prezident Tramp kabi hech qachon taslim bo‘lmaydigan vatanparvarlar uchun» deya ta’kidlangan.
Atir qutisi erkaklar aromati uchun qora, ayollar uchun esa qizil rangda ishlab chiqilgan. Qutilarda ushbu prezidentlik atir seriyasi cheklangan miqdorda ekanligi ko‘rsatilgan. Atir flakonida Trampning ismi va imzosi joylashtirilgan, qopqog‘ini esa oltinrang prezident haykalchasi bezatadi.
Bundan oldin Tramp oilasi 47 dollarlik yangi T1 smartfonini taqdim etgani haqida yozgandik.
Trump organization tarkibiga kiruvchi Trump Mobile kompaniyasi ushbu qurilmaga faqat bitta tarif rejasi – The 47 Planni taklif qilmoqda. Uning narxi oyiga $47,45. Bu narx Donald Trampning AQShning 45-prezidenti va ehtimoliy 47-prezidenti bo‘lishiga ishora sifatida tanlangan. Bu yangi atirning ham «Victory 45-47» deya nomlangani bejizga emasligini isbotlaydi.
Trump Mobile tomonidan tarqatilgan press-relizda ushbu smartfon yuqori baholangan:
«Yuqori unumdorlik uchun mo‘ljallangan. AQShda g‘urur bilan ishlab chiqarilgan. Ko‘zni qamashtiruvchi oltin rangli smartfon», – deyiladi ta’rifda.
Qurilmani oldindan buyurtma qilish mumkin. Savdoga avgust yoki sentabr oylarida chiqarilishi kutilmoqda.