Xitoyning Guanchjou va Pekin shaharlaridan Toshkentga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

Joriy yil 30-iyun kuni Xitoyning China Southern Airlines aviakompaniyasi Guanchjou – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri ilk aviaqatnovlarni amalga oshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Mazkur reys bilan Guangzhou GZL kompaniyasi ko‘magida shakllantirilgan va 30 dan ortiq sayyohlarni o‘z ichiga olgan birinchi guruh O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, «Oʻzaviatsiya» agentligi tomonidan Air China aviakompaniyasiga Toshkentga aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi.
Kompaniya Pekin – Toshkent – Pekin va Urumchi – Toshkent – Urumchi yo‘nalishlarida Boeing-737-800/8 (MAX) va Airbus-330-300/200 samolyotlari orqali qatnovlarni amalga oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Air Samarkand Isroilga reyslarni qayta tiklayotgani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, 6-iyuldan boshlab aviakompaniya Samarqand – Tel-Aviv – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. Reyslar haftasiga ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari bajariladi.