
MG kompaniyasi Xitoy bozori uchun yangilangan MG4 EV elektromobilini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Rasmiy taqdimot 5-sentabrga rejalashtirilgan, oldindan buyurtmalar esa 5-avgustdan boshlanadi.
Bu model SAIC Motor’ning elektr avtomobillar qatorini kengaytirish rejasining bir qismidir. Oldingi MG4 Xitoyda kam sotilgan bo‘lsa-da, Yevropa va Britaniyada unga talab yuqori bo‘lgan.

Yangi MG4 oldingisidan kattaroq. Uzunligi 4 395 mm, kengligi 1 842 mm, balandligi 1 551 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 750 mm. U 120 kVtli orqa o‘rnatilgan elektromotor va LFP (litiy-temir-fosfat) batareyaga ega. Tezligi 160 km/soat. Batareya sig‘imi va yurish masofasi hali e’lon qilinmagan.
MG brendi direktori Chen Tsuy modelda yarim qattiq holatdagi batareya bo‘lishi mumkinligini aytdi. Agar tasdiqlansa, bu texnologiyani ilk bo‘lib qabul qilgan avtomobillardan biri bo‘ladi.

Salonda Oppo bilan birgalikda ishlab chiqilgan yangi boshqaruv tizimi mavjud. U smartfon bilan ulanish, ovozli buyruq va imo-ishora asosidagi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.
Oppo, Huawei va Apple qurilmalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos keladi. Endi dasturlarni avtomobilga o‘rnatish yoki yangilash shart emas.
Tashqi ko‘rinishda ham yangiliklar bor: yopiq old panjara, o‘q shaklidagi orqa chiroqlar va uzunasiga cho‘zilgan orqa yoritgich. An’anaviy eshik tutqichlari va 17 dyuymli g‘ildiraklar saqlab qolingan. Quvvat olish porti esa chap old qanotda joylashgan. Avtomobil SAIC’ning Nebula platformasida ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 8 ming dollarlik yangilangan 2026 MG5 avtomobili bozorga taqdim etilgani haqida yozgan edi.