
Yaber kompaniyasi arzon va funksional portativ proyektor – Yaber T1 Pro modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Qurilma 1080p aniqlikda tasvir beradi, HDR10 formatini qo‘llab-quvvatlaydi. TurboSonic texnologiyasiga ega 8 Vt quvvatli karnay bilan jihozlangan. Bu proyektor oldindan o‘rnatilgan Netflix, YouTube va Prime Video ilovalari bilan birga keladi.
Proyektor 1,18:1 qisqa fokus nisbati orqali 2,4 metr masofadan 100 dyuymli tasvir hosil qiladi. Avtofokus, trapetsiya tuzatish, ekran tekislash va to‘siqlardan avtomatik chetlab o‘tish imkoniyatlari foydalanuvchiga tasvirni tez va aniq sozlashda yordam beradi.
Yaber T1 Pro Linux operatsion tizimi asosida ishlaydi. Bu esa ilovalarni bevosita proyektor orqali ishlatishni osonlashtiradi. Qurilma Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.4 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, Android, iOS va Windows qurilmalari bilan simsiz translyatsiyani ta’minlaydi.
Kichik hajm (10,6×11,6×22,8 sm) va 1,25 kg vaznga ega T1 Pro 180° aylanuvchi kardan tutqich, neylon tasma va silikon tutqichlar bilan mobil foydalanish uchun moslashtirilgan. Ekran yoritilishi sharoitiga qarab yorqinlikni 20 foizdan 100 foizgacha sozlash ham mumkin.
Narxlar:
- AQShda – $160;
- Yevropada – 180 yevro.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sony kompaniyasi «kelajak televizori»ni namoyish etgani haqida xabar bergan edi.