
Toshkentda savdo bilan shug‘ullanuvchi, ilgari sudlangan ayol fuqaroga katta miqdorda kredit olib berishni va’da qilib, oldindan $150 ming olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ayol Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali aksiyadorlik tijorat banklarining biridan $3 million miqdorida maqsadsiz kredit olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga kreditning 33 foizi, ya’ni $990 mingni olishni talab qilgan.
DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs oldindan $150 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tadbir davomida fuqaro bilan go‘yoki o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, kredit mablag‘ini ajratib berishni va’da qilgan bu noqonuniy sxemaning bosh tashkilotchisi – Urganch shahrida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan shaxs ham protsessual tartibda ushlangani ma’lum qilindi.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda qalbaki valyuta savdosi fosh etilgani haqida yozgandi.