
Bokuda O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifini boshladi. Tashrif davomida O‘zbekiston rahbari Boku, Xonkandi, Shusha va Ag‘dam shaharlari bo‘ylab tashrif buyuradi.
Bugun ikki mamlakat yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazadi. Bundan tashqari, «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yadi va O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasining yangi binosini ochib beradi.
Ertaga, 3-iyun kuni esa prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev muloqotni Ozarbayjonning Qorabog‘ tumanida davom ettirib, Xonkandidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Ag‘dam shahridagi «Imorat» tarixiy-me’moriy majmuasi bilan tanishadi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha salmoqli kelishuvlar to‘plami shakllantirilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Bokuda qanday kutib olingani haqida xabar bergandik.