
Amerikaning Chevrolet kompaniyasi Tracker krossoverining 2026-yilgi yangilangan versiyasini ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda CNN Brazil xabar berdi.
Avtomobil Braziliyaning San-Kaetano-du-Sul shahridagi zavodda yig‘ila boshladi. Yaqin orada mamlakat bo‘ylab dilerlar orqali sotuvga chiqariladi.
Tashqi ko‘rinish va dizayndagi yangiliklar
Yangilangan Tracker ikki qavatli old chiroqlar bilan jihozlangan. Yuqorida ingichka LED kunduzgi chiroqlar, pastroqda esa asosiy faralar joylashgan. Shuningdek, ixcham tumanga qarshi chiroqlar, yangilangan bamper va radiator panjarasi Chevrolet’ning Blazer va Equinox modellari uslubida bezatilgan.

Shuningdek, RS sport versiyasi saqlanib qolgan bo‘lib, qora rangdagi o‘ziga xos bezaklar — logotip, oynalar, g‘ildiraklar va o‘zgacha panjara dizayni bilan ajralib turadi.

Salondagi o‘zgarishlar
Tracker’ning ichki qismi Xitoydagi analog model uslubida yangilangan. Asosiy o‘zgarishlar qatorida asboblar paneli va multimedia tizimining bitta modulga birlashtirilgan. Eski uch tugmali panel o‘rniga ikki aylantirgich va displeyli yangi iqlim boshqaruv tizimi o‘rnatilgan. Biroq Xitoydagi versiyadan farqli o‘laroq, Braziliya variantida asboblar paneli ustidagi soyabon saqlanib qolgan.

Texnik jihatlar o‘zgarishsiz qolmoqda
Chevrolet kompaniyasi hozircha texnik xususiyatlarni rasman e’lon qilmagan bo‘lsa-da, ular oldingi versiyalardagidek qolishi kutilmoqda:
- 1.0 Turbo (117/121 ot kuchi);
- 1.2 Turbo (139/141 ot kuchi).
Ikkala motor ham benzin yoki etanolda va 6 bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Avtomobil faqat old g‘ildirakdan tortish tizimi bilan taqdim etiladi. Kelajakda Tracker’ning yumshoq gibrid versiyasi ham chiqarilishi mumkin.
Ishlab chiqarish va ekologiya
San-Kaetano zavodi yangilangan Tracker uchun modernizatsiya qilindi. Yangi robotlar o‘rnatilib, bo‘yoq liniyasi yaxshilandi va sifat nazorati texnologiyalari joriy etildi. Zavod GM’ning ekologik me’yorlariga moslashtirilgan bo‘lib, zararli chiqindilarni kamaytirish va energiyani tejashga alohida e’tibor qaratilgan.

Rasmiy taqdimot sanasi
Tracker 2026 modelining to‘liq taqdimoti iyul oyida o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu model Chevrolet’ning Lotin Amerikasi uchun yangilangan modellari orasida birinchi bo‘lib namoyish etiladi. Yil oxirigacha Onix, Onix Plus’ning restayling versiyalari va Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr Spark EUV hamda Captiva modellari ham bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri BYD Sealion 7 O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgani haqida yozgandi.