Eron yadroviy nazorat tashkiloti bilan hamkorlikni to‘xtatdi

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tehron va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) o‘rtasidagi hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha qonunni imzoladi. Bu haqda Eron davlat televideniyesi xabar berdi.
Hujjat prezident tomonidan imzolangan paytdan boshlab qonun kuchga kirdi va bajarilishi majburiy hisoblanadi.
25-iyun kuni Eron parlamenti deputatlari Islom Respublikasi va XAEA o‘rtasidagi hamkorlikni to‘xtatish haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi. 26-iyun kuni Eron Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi ushbu qonunni tasdiqladi.
Bundan oldin Eron Xurmuz bo‘g‘ozini minalashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi AQSh razvedkasi xabarini bergandik. Unga ko‘ra, Eron harbiylari o‘tgan oy Fors ko‘rfazidagi kemalarga dengiz minalarini yuklagan.
Mazkur harakat Xurmuz bo‘g‘ozini yopish rejasining bir qismi bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Xurmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neft va gazining beshdan bir qismi tashiladi. Uning to‘silishi global iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.