
2025-yilning birinchi yarmida Germaniyada 37,7 ming nafar xodimni qisqartirish rejalashtirilgan. Bu 2020-yil pandemiya davridan keyingi eng yirik qisqartirish hisoblanadi. Bu haqda «Ria Novosti» nashri xabar berdi.
So‘nggi uch yil ichida qisqartirilishi rejalashtirilgan xodimlar soni izchil ortib bormoqda. Masalan, 2022-yilda bu ko‘rsatkich atigi 9,6 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi raqam bu ko‘rsatkichdan to‘rt barobar yuqori.
Ayniqsa, sanoat tarmoqlari eng ko‘p qisqartirishlar e’lon qilgan. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari, xususan, Porsche va Audi kabi kompaniyalar minglab ishchilarni ishdan bo‘shatmoqchi. Logistika, chakana savdo, bank va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida ham o‘n minglab ishchilarni qisqartirish kutilmoqda.
Mazkur jarayonlar Germaniya iqtisodiyoti bosim ostida qolayotganini va mehnat bozorida o‘zgarishlar kuchayganini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar bu holatni global iqtisodiy beqarorlik va sohalararo qayta tuzilishlar bilan izohlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan may oyida BMT yetti mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishi mumkinligi haqida yozgandi.