Ilon Mask’ning xAI kompaniyasi $10 milliard jalb qildi

Ilon Mask asos solgan xAI kompaniyasi sun’iy intellekt sohasidagi faoliyatini kengaytirish uchun umumiy $10 mlrd investitsiya jalb qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur mablag‘ning $5 mlrd qismi qarz, yana $5 mlrd miqdori esa strategik kapital investitsiyasi shaklida kiritilgan.
Morgan Stanley ma’lumotlariga ko‘ra, qarz bitimi garovli obligatsiyalar va muddatli kreditlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, global investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan.
Jalb qilingan mablag‘lar xAI’ning AI yechimlari, ma’lumot markazlari va asosiy mahsuloti – Grok platformasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kompaniya qo‘shimcha $20 mlrdlik investitsiya jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu xAI qiymatini $120 mlrddan ortiq deb baholanishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mask o‘zining X tarmog‘ida yangi sun’iy intellekt modeli – Grok 3.5 yordamida insoniyat bilimlarini qayta yozishini e’lon qilgan edi.