Yangiliklar

Google 314 million dollar jarimaga tortildi

Google Android qurilmalari foydalanuvchilari ma’lumotlarini noqonuniy tarzda yig‘ib kelgan
Google 314 million dollar jarimaga tortildi. Foto: Trends.rbc.ru

Google $314 million jarimaga tortildi. Kaliforniya sudi fuqarolarning ma’lumotlarini noqonuniy yig‘gani uchun kompaniyaga jarima soldi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Nashrning ma’lumotiga ko‘ra, Google Android foydalanuvchilarining mobil ma’lumotlarini ularning roziligisiz to‘plagan. Ushbu qaror Kaliforniyaning San-Xose shahridagi hakamlar sudi tomonidan mijozlarning jamoaviy da’vosi asosida qabul qilingan.

Sud taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Google Android qurilmalari foydalanuvchilaridan Wi-Fi tarmog‘iga ulanmagan vaqtda ham ma’lumotlarni yig‘ib kelgan. Ushbu ma’lumotlar kompaniya serverlariga yuborilgan. Ma’lumotlar yig‘ish jarayonida foydalanuvchilarning mobil internet trafiklari sarflangan. Ya’ni kompaniya mijozlarining pullari hisobidan ma’lumotlarni yig‘gan.

Bu ma’lumotlar qanday maqsadda ishlatilgan

Google ushbu ma’lumotlarni tijorat maqsadlarida foydalangan. Xususan, reklama xizmatlarini rivojlantirish va xarita mahsulotlarini takomillashtirish uchun ishlatgan. Google vakili Xose Kastanyeda sud qaroriga apellyatsiya shikoyati berilishini ma’lum qilgan.

«Ushbu qaror Android qurilmalarining xavfsizligi va ishonchli ishlashi uchun muhim bo‘lgan xizmatlarning ahamiyatini noto‘g‘ri tushunishdan kelib chiqqan. Sud ma’lumotlar almashinuvi hajmini va mohiyatini to‘liq baholamadi», – deydi kompaniya vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotlar butun dunyo bo‘ylab milliardlab qurilmalarning barqaror ishlashi uchun to‘plangan.

Kaliforniya sudiga kompaniyaga qarshi da’vo mijozlar tomonidan 2019-yilda berilgan. Ish bo‘yicha qaror esa faqat 6 yil o‘tib chiqarilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google hali mavjud bo‘lmagan yadroviy sintezga sarmoya kiritayotgani haqida yozgandi.