O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo hajmi $1 milliardga yetkaziladi

Boku shahrida Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlovchi muhim hujjatlar imzolandi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, hujjatlar orasida 2025 – 2029-yillarda ittifoqchilik munosabatlarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», savdo hajmini $1 mlrdga yetkazish dasturi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, ekologiya va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlik rejalarini o‘z ichiga olgan bitimlar mavjud.

Mirziyoyev Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash va qaytarib olingan hududlarni rivojlantirish borasida erishgan yutuqlarini e’tirof etdi. Shuningdek, rus tiliga berilgan e’tibor, tarixiy qadriyatlar va madaniy aloqalar ikki xalqni yanada yaqinlashtirayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda «O‘zbekiston» bog‘i qurilishi, O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilishi va 2025-yil noyabr oyida Toshkentda «Ozarbayjon» bog‘i va «Sea Breeze» turistik majmuasining qurilishi rejalari e’lon qilindi.

Tomonlar diplomatik aloqalarning 30 yilligini nishonlash munosabati bilan madaniy tadbirlar, konsertlar va yoshlar forumlarini hamkorlikda o‘tkazishga kelishib oldilar. Muzokaralar ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Bokuda qanday kutib olingani haqida yozgan edik.