Investitsiyalar

O‘zbekistonning ham Xitoy singari xorijda o‘z aktivlari bo‘lishi kerak – Anvar Rasulev

Bu haqda Ansher Capital asoschisi Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida ma’lum qildi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

So‘nggi yillarda O‘zbekiston jozibador investitsion muhit yaratishda sezilarli natijalarga erishdi. Soliq islohoti, raqamlashtirish va xususiy sektorga faol ko‘mak orqali mamlakat xalqaro investorlarda ham institutsional, ham xususiy tomondan qiziqish uyg‘otmoqda. Biroq, mamlakatga kapital jalb qilish barqaror iqtisodiy o‘sish uchun yetarli emas. Bugun O‘zbekiston biznesi yanada kengroq yo‘l tutib, tashqi bozorga chiqishi kerak. Bu haqda Ansher Capital asoschisi Anvar Rasulev Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Investorlarni jalb qilish – muhim, ammo bu yetarli emas

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi endi yanada yuqori bosqichga o‘tgan. Ilgari xorijiy fondlar aksiyalarni «bozorni sinab ko‘rish» maqsadida sotib olgan bo‘lsa, endi ular ongli strategiyalar va uzoq muddatli yondashuvlar bilan kelmoqda.

«Xususan, soliq siyosatini alohida ta’kidlashni istayman. Bizda stavkalar past: masalan, daromad solig‘i 12% ni tashkil etadi, Yevropada esa bu ko‘rsatkich 40% va undan yuqori. Bu esa investorlar uchun jiddiy rag‘batdir. Bundan tashqari, mamlakatda raqamlashtirish faol rivojlanmoqda, marketplace’lar, ekotizimlar paydo bo‘lmoqda», – dedi Rasulev.

Ansher Capital yaqin Sharq davlatlari, Saudiya Arabistoni, BAAda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Kompaniya bugungi kunda buy-side hamda sell-side yo‘nalishlarida ko‘plab mandatlar bilan ishlamoqda, bu loyihalarda Fors ko‘rfazi mamlakatlarining kompaniyalari ishtirok etmoqda. Gap faqat resurs aktivlari haqida emas. IT-kompaniyalar, elektron tijorat va to‘lov yechimlari bo‘yicha qatnashchilarga ham talab yuqori.

Investorlar to‘liq ekotizim yaratishga ya‘ni marketplace, bank va mikromoliya tashkilotini birgalikda barpo etishga qiziqish bildirmoqda. Bu esa ularning qiziqishi uzoq muddatli ekanini tasdiqlaydi.

Investorlarning e’tiborini logistika ham tortmoqda. Ayniqsa, Xitoy bilan savdoning o‘sishi va elektron tijorat rivojlanayotgan bir paytda, omborxonalar, komplekslarga talab ortmoqda.

An’anaviy tarzda oltin qazib olish aktivlariga ham qiziqish saqlanib qolmoqda. Xitoy va Yaqin Sharq kompaniyalari tomonidan sement aktivlariga ham talab bor.

O‘zbekistonning tashqi bozorga e’tibor beradigan vaqti keldi

Anvar Rasulevning fikricha, barqaror rivojlanish uchun O‘zbekiston nafaqat investitsiyalarni qabul qilishi, balki o‘zi ham xalqaro bozorga chiqishi kerak. Uning aytishicha, tashqi ekspansiyasiz iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlab bo‘lmaydi.

«Biz hamma narsani qilaylikki, investorlar bizning kuchli jihatlarimizni ko‘rsin. Ammo xalqaro tajriba bu yetarli emas ekanligi ko‘rsatmoqda. Mamlakat rivojlanishi uchun u o‘zi tashqi bozorga chiqib, xorijda aktivlar sotib olishi kerak», – dedi u.

Misol tariqasida u to‘qimachilik sohasini keltirdi: mahsulotni to‘laqonli eksport qilish uchun boshqa davlatlarda portlar, logistika markazlari, taqsimlovchi omborxonalar zarur.

Xitoy namunasi: davlat ekspansiyasi strategiyasi qanday ishlaydi

Rasulev Xitoyni misol sifatida keltirdi, bu mamlakatda tashqi bozorga chiqish allaqachon davlat siyosatining bir qismiga aylangan. Uning aytishicha, Xitoy tizimli tarzda xorijda o‘z ishtirokini mustahkamlab kelmoqda, gap faqat tovar eksporti emas, balki asosiy infratuzilma va resurs aktivlarini sotib olish haqida ham bormoqda.

«Xitoy ko‘p yillar davomida xorijda aktivlar sotib olishga yo‘naltirilgan davlat dasturlarini amalga oshirmoqda. Banklar xorijda mineral resurslar, logistika markazlari yoki yangi texnologiyalarga ega kompaniyalarni sotib olish uchun imtiyozli moliyalashtirish beradi», – dedi Ansher Capital asoschisi.

Shuningdek, uning fikricha, O‘zbekiston bu darajadagi miqyosga chiqa olmaydi, biroq shu yo‘nalishni asosiy strategiya sifatida tanlashi kerak.

«Biz ham shu yo‘nalishda harakat qilishimiz kerak va tashqi ekspansiyani iloji boricha faol rivojlantirish zarur. Eng muhimi – xorijda ishlash, aktiv sotib olish istagidagi insonlar va kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash. Vaqti kelib bu iqtisodiyotimiz uchun jiddiy samara beradi», – dedi Rasulev.

Xorijdagi aktivlar — mamlakat manfaatida

Anvar Rasulev ekspansiya – bu mavhum maqsad emas, balki milliy sanoatni rivojlantirish vositasidir, deb hisoblaydi. Xususan, u O‘zbekistondagi qora metallurgiya holatini eslab o‘tdi. Mamlakatda o‘zining temir rudasi yo‘q, shuning uchun uni Rossiya, Qozog‘iston va Xitoydan import qilishga to‘g‘ri keladi.

«Agar biz Qozog‘istondagi bu kabi konlarni sotib ololganimizda edi, bir tomondan, qo‘shni mamlakatdagi kompaniyani rivojlantirgan bo‘lardik, boshqa tomondan esa, O‘zbekistonga xomashyoni qulay narxlarda, kerakli vaqtda va kerakli hajmda yetkazib berishni ta’minlagan bo‘lardik», – deya xulosa qildi u.

U hatto o‘z konlari yoki infratuzilmasi bo‘lmagan taqdirda ham mamlakat xorijdagi aktivlarga egalik qilishi mumkinligi va ular iqtisodiy manfaatlarga xizmat qilishini ishonch bilan ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC banki direktori Spartak Tetrashvilining obligatsiyalar ahamiyati haqidagi fikrlari haqida yozgandi.