
Telegram Premium obunachilari endi ilova ichida to‘g‘ridan to‘g‘ri interaktiv vazifalar ro‘yxatini tuzish va ularning bajarilishini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Ilova bir nechta yangilanishlarni e’lon qildi.
Ushbu ro‘yxatlar har qanday suhbatda yaratilishi mumkin bo‘lib, foydalanuvchi sozlamalari orqali boshqa ishtirokchilarga vazifalarni bajarganini belgilash yoki yangi vazifalar qo‘shish huquqini berish mumkin.
Shuningdek, Premium foydalanuvchilar endi kanallarda chop etilishi uchun post takliflarini yuborishlari mumkin. Bunda ular istalgan sanani va vaqtni ko‘rsatgan holda kanal egasiga ichki valyuta – «yulduzlar» yoki Toncoin kriptovalyutasi orqali to‘lov amalga oshiradi.
Post joylashtirilgach 24 soatdan so‘ng kanal egasiga pul mablag‘i beriladi. Agar post shu muddat ichida o‘chirib yuborilsa, mablag‘ to‘liq tarzda foydalanuvchiga qaytariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram messenjeri yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgan postlarga yangi «Fakt tekshiruvi» belgisi qo‘shishni boshlagani haqida yozgandi.