Avto

Xiaomi rahbari Tesla’ning avtonom boshqaruv texnologiyasini yuqori baholadi

U Tesla’ning FSD tizimini yuqori baholadi
Xiaomi
Xiaomi Tesla’ning avtonom boshqaruv texnologiyasini maqtadi / Foto: CarNewsChina

Xiaomi asoschisi va bosh direktori Lei Jun Tesla’ning FSD (to‘liq avtonom boshqaruv) texnologiyasini yuqori baholadi. U bu haqda Weibo’dagi sahifasida ma’lum qilgan.

«Tesla chindan ham hayratlanarli. U ko‘plab sohalarda sanoatga yo‘l ko‘rsatmoqda, ayniqsa FSD borasida. Bizda hali o‘rganadigan ko‘p narsa bor», – deb yozdi u.

Tesla’ning FSD (to‘liq avtonom boshqaruv) texnologiyasi kompaniya bosh direktori Ilon Mask tomonidan «birinchi to‘liq avtonom yetkazib berish» deb ataldi. Model Y avtomobili Texasdagi zavoddan mijoz uyigacha 24 km masofani haydovchisiz bosib o‘tdi.

Xitoyda raqobatchilar bir-birining mahsulotlarini maqtashi marketingning bir shakli sifatida qaraladi. Ilgari Nio va Xpeng rahbarlari ham bir-birining mahsulotlarini «hazil aralash» e’tirof etgan.

Lei Jun esa bu yo‘nalishda faolroq harakat qilmoqda. U raqobatchilarni tabriklaydi, avtomobil taqdimotlariga taklif qiladi va ular haqidagi ijobiy fikrlarini ochiq bildiradi. Tesla’ni maqtashidan avval, u Nio’ning akkumulyator almashtirish texnologiyasini ham yuqori baholagan.

Yaqinda Great Wall Motor’ni 35 yilligi bilan, Li Auto‘ni esa 10 yilligi bilan tabrikladi.

Xiaomi asoschisi va bosh direktori Lei Jun nima dedi / Foto: Xiaomi

Ma’lumot uchun, Tesla Model Y Xitoyda eng ko‘p sotilgan modellar qatorida bo‘ldi. 2024-yilda 480 mingdan ortiq Model Y sotilgan va bu kompaniya Xitoydagi umumiy savdosining 74,6 foizini tashkil etgan. 2025-yilning yanvar-may oylarida esa Model Y sotuvi 24 foizga kamaygan.

Xiaomi 2025-yil 26-iyunda Tesla Model Y’ga raqib bo‘ladigan YU7 SUV modelini taqdim etdi. U 1 soat ichida 289 mingta, 18 soat ichida esa 240 mingta rasmiy buyurtma oldi.

YU7 modeli Xiaomi Assisted Driving Pro (yoki HAD) deb nomlangan avtonom boshqaruv tizimi bilan jihozlangan. U Nvidia Drive AGX Thor chipi bilan ishlaydi va 700 trillion operatsiyani bajarish quvvatiga ega. Biroq ko‘plab sharhlovchilarga ko‘ra, Xiaomi’ning bu tizimi hozircha ehtiyotkorlik bilan ishlaydi va Tesla FSD darajasiga yetmagan.

Shunga qaramay, Xiaomi bu tizimni barcha modellarida standart sifatida taklif qilmoqda, bu Xitoy avtomobil sanoatida keng tarqalgan amaliyotdir.

Avvalroq Xiaomi YU7 elektromobiliga talab yuqoriligi sababli ishlab chiqarish hajmi kengaytirilishi haqida yozgan edik.