Audi A5L Sportback oldindan sotuvga chiqarildi

3-iyul 2025 13:12 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Audi
Audi A5L Sportback oldindan savdoga chiqarildi / Foto: CarNewsChina

Xitoyda SAIC ishlab chiqargan Audi A5L Sportback avtomobilini sotuvga chiqishidan oldin xarid qilish imkoniyati taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Modelning besh xil komplektatsiyasi mavjud bo‘lib, narxlari 260 ming yuandan 320 ming yuangacha ($36 ming – $44,7 ming) oraliqda.

A5L — Audi A5’ning Xitoy bozoriga mo‘ljallangan, uzunroq versiyasidir. Bu avtomobil Huawei Qiankun ADS tizimi bilan jihozlangan dunyodagi birinchi benzinli modeldir.

Foto: CarNewsChina

Avtomobilda 2 ta lidar, 11 ta HD kamera, 6 ta millimetr to‘lqinli radar va 12 ta ultratovushli sensor mavjud. Tizim avtomatik to‘xtash, shahar va magistral yo‘llarda avtopilotda harakatlanishni taqdim etadi. Shuningdek, to‘siqlardan qochish, adaptiv kruiz, chap burilish va yo‘l almashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Audi A5L Sportback SAIC-Audi qo‘shma korxonasining PPC platformasida ishlab chiqarilgan birinchi modeli hisoblanadi. U 2.0T hajmli EA888 Evo5 benzin dvigateli bilan jihozlangan. 7 pog‘onali S-tronic avtomatik uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Kam quvvatli versiyasi 150 kVt (201 ot kuchi), kuchli versiyasi esa 200 kVt (268 ot kuchi) quvvatga ega. Maksimal burilish momenti — 400 Nmni tashkil etadi.

Foto: CarNewsChina

Avtomobilda 48V mild-gibrid tizimi va Quattro ultra to‘liq yurituvchi tizimi mavjud. Past tezlikda (25 km/soatgacha) avtomobil faqat elektr rejimida harakatlana oladi. Yangi Audi A5L Sportback’ning uzunligi 4903 mm, kengligi 1883 mm, balandligi 1427 mm, g‘ildirak bazasi 2922 mm.

Tashqi ko‘rinishda yoritiluvchi Audi logotipi, matrix LED faralar, 364 ta yorug‘lik elementidan tashkil topgan OLED orqa chiroqlariga ega. U noodatiy orqa dizayn, ramkasiz eshiklar va yarim yashiringan tutqichlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Audi yangi Q3 modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek