
Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi chog‘ida Bokuda O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi tantanali ochildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Marosimda Mirziyoyev hamda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.

Yetakchilar ramziy tasmani kesib, yangi diplomatik vakolatxonani ochdilar va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Elchixona zallari O‘zbekiston hududlari nomi bilan atalgan bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev zallardan biriga Qorabog‘ nomini berishni taklif qildi.

Tadbir so‘ngida ikki davlat rahbarlari Faxriy mehmonlar kitobiga tilaklarini yozib qoldirdilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bokuda qad rostlayotgan «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yilgan edi.