Yangiliklar

Fermеrlar uchun qo‘shimcha jarima va soliqqa tortish tartibi joriy etilishi mumkin

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Soliq kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda
Fermеrlar uchun qo‘shimcha jarima va soliqqa tortish tartibi joriy etilishi mumkin. Foto: Unsplash

Fermеrlar uchun qo‘shimcha jarima va soliqqa tortish tartibi joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyihaga ko‘ra, bundan buyon dala, ariqlar yoki zovur chetlariga ekin ekmagan fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) beshdan yetti baravarigacha jarima to‘laydi. Agar bu holat mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilsa, jarima miqdori 7 dan 10 BHMgacha yetadi.

Shuningdek, agar fermerlar bunday maydonlarga har yili 1-aprelga qadar maqbul ekin ekmasa, ular butun yer maydoni uchun uch karra yer solig‘ini to‘lashga majbur bo‘ladi.

Qonun loyihasi palatada qizg‘in muhokama qilindi. Xalq demokratik partiyasi (XDP) bu tartibga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, hujjat 89 ta tarafdor ovoz bilan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan rieltorlar ko‘chmas mulk agenti sifatida faoliyat yuritishi ma’qullanganini yozgandi.