
iPhone Fold nihoyat sinov bosqichiga kirdi. GSMArena nashrining xabariga ko‘ra, Apple iyun oyida bukiluvchi iPhone prototipini ishlab chiqib, uni tekshirishga kirishgan.
Prototip sinovlari 2025-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng, qurilma muhandislik sinov bosqichiga (EVT) o‘tadi. Agar hammasi rejadagidek kechsa, bukiluvchi iPhone 2026-yil sentabrda iPhone 18 seriyasi bilan birgalikda taqdim etiladi.
Hozircha Apple bukiluvchi iPad ustidagi ishlanmalarni to‘xtatgan. Sababi ishlab chiqarishdagi murakkabliklar va xaridorlar talabining pastligi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bukiluvchi iPhone 7,8 dyuymli Samsung ishlab chiqargan OLED ekran bilan jihozlanadi. Kamera displey ostida joylashadi, Face ID bo‘lmaydi, lekin yon tomonda Touch ID bo‘ladi. Ekran bukilgan joyi deyarli ko‘rinmas bo‘lishi aytilmoqda. Qurilmaning qalinligi bukilgan holatda atigi 9-9,5 mm bo‘ladi.
Apple korpusda titan qotishmasidan, bukiladigan joyda esa suyuq metalli ilgakdan foydalanishi kutilmoqda. Bu konstruksiya uzoq muddatli mustahkamlikni ta’minlashi kerak.
Narxi arzon bo‘lmaydi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bukiluvchi iPhone $2100 – $2300 atrofida bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iPhone 17 yangi ranglarda taqdim etilishi mumkinligi haqida yozgan edi.