Naji Benxasin Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori etib tayinlandi

Naji Benxasin Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi mintaqaviy direktori etib tayinlandi. Bu haqda bank rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Benxasin 2021-yildan joriy yilning iyunigacha ushbu lavozimda ishlagan Tatyana Proskuryakova o‘rniga Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor lavozimini egalladi.
Bankning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini boshqarishdan oldin Benxasin 2020-yildan 2025-yil iyunigacha Jahon bankining Pokistondagi vakolatxonasini boshqargan.
«Men uchun Jahon bankining Markaziy Osiyodagi faoliyatini – aholisi 80 milliondan ortiq bo‘lgan va iqtisodiy hamda demografik jihatdan jadal o‘zgarib borayotgan mintaqada – boshqarish katta sharaf», – deydi Benxasin o‘z tayinlovi yuzasidan.
Hozirda Jahon banki Markaziy Osiyoda ijtimoiy-iqtisodiy sohani modernizatsiya qilishga qaratilgan $11 milliardlik 85 ta loyiha ustida ishlamoqda. Benxasinning ta’kidlashicha, u mintaqada inklyuziv bozor iqtisodiyotini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash niyatida.
«Men Jahon bankining mintaqa mamlakatlari hukumatlari bilan samarali hamkorligini davom ettirish, ularning inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish, fuqarolar farovonligini oshirish, ayniqsa, ayollar va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, muhim mintaqaviy muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlariga ko‘maklashish niyatidaman. Energetika, transport va savdo sohalarida imkoniyatlarni kengaytirish, suv resurslari taqchilligi muammolarini hal qilish, transchegaraviy ekologik va sanitariya-epidemiologik xavflar shular jumlasidan», – deya qo‘shimcha qilgan Benxasin.
Avvalroq «Kursiv» nashri Jahon banki tahlilchilari joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,9 foizga o‘sishini prognoz qilgani haqida yozgandi.