Yangiliklar

Nogironlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi

Tadbirkorlar ushbu subsidiya uchun «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi yoki my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin
Rasm: Sora sun’iy intellekti yordamida yaratilgan

O‘zbekiston hukumatining qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi tadbirkorlar va bandlik agentliklariga subsidiya ajratish tartibi belgilandi. Bu haqda yangi «Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash va mehnat qilishini qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantirish tartibi» to‘g‘risidagi nizomda bayon etilgan.

Unga ko‘ra, ikki turdagi subsidiya joriy etiladi: bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi hamda ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi. Bu imtiyozlar I va II guruh nogironlarni rasmiy band qilgan va kamida 3 oy davomida ularga har oy eng kam ish haqining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda maosh to‘lagan tadbirkorlarga ajratiladi.

Bundan tashqari, ish joyida nogironlarga surdotarjimon, psixolog yoki hamroh xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlar 50 million so‘mgacha subsidiyaga ega bo‘lishi mumkin. Har oylik to‘lov miqdori esa quyidagicha belgilanadi: surdotarjimon uchun 8 baravar, psixolog uchun 10 baravar, hamroh uchun esa 5 baravar bazaviy hisoblash miqdorida.

Tadbirkorlar ushbu subsidiya uchun «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi yoki my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin. Shuningdek, nogironlar bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha elektron reyestr ham yuritiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ehtiyojmand xotin-qizlarga OTM uchun tavsiyanoma olishga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar bergan edi.