
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim muassasasi ochmoqchi bo‘lgan tashkilotchilar endi o‘z loyihalari uchun aniq va batafsil konsepsiya taqdim etishlari shart bo‘ladi.
Ushbu konsepsiyada ta’lim muassasasining nomi, maqomi, boshqaruv tuzilmasi, o‘qitish yo‘nalishlari, qabul qilish mezonlari, ta’lim sifati, to‘lov miqdori hamda besh yillik rivojlanish rejasi kiritilishi lozim.
Bundan tashqari, ular $2 million ekvivalentidagi ustav fondini shakllantirishi va $350 mingni depozitga joylashtirishi talab qilinadi. Ta’lim binosi kamida 5 ming kvadrat metr maydonda bo‘lishi yoki 5 yillik ijara shartnomasiga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, tashkilot dastlabki besh yilda yillik daromadining 80 foizini, keyingi yillarda esa kamida 50 foizini rivojlanishga yo‘naltirishi kerak.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilinganidan keyin uch oy o‘tib kuchga kiradi va yangi litsenziyaga ega bo‘lganlar 2026-yil 1-yanvargacha faoliyatlarini yangi talablar asosida moslashtirishi shart.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda qancha OTMlar faoliyat yuritayotgani haqida yozgandi.