Parijdagi hodisa bankning operatsion faoliyatiga aloqador emas — «Anorbank»

eʼlon qilindi
Bank Qaxramonjon Olimovning o‘g‘irlab ketilishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi
Parijdagi hodisa bankning operatsion faoliyatiga aloqador emas — «Anorbank». Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Anorbank» bank aksioneri Qaxramonjon Olimovning Parijda o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq voqea yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Bank mazkur hodisa shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega ekanligini va bu bankning operatsion faoliyatiga aloqador emasligini ma’lum qilgan.

«Ushbu hodisa shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega bo‘lib, bankning operatsion faoliyatiga aloqador emas. «Anorbank» o‘z ishini odatdagi tartibda davom ettirmoqda – barcha bo‘limlar, xizmatlar va raqamli kanallar barqaror ishlayapti, joriy va strategik loyihalar tasdiqlangan rejalarga muvofiq amalga oshirilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Bank tarqalgan ma’lumotlarga tushunib yondashgan va qo‘llab-quvvatlagan barcha mijozlar, hamkorlar va hamkasblarga minnatdorchilik bildiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Anorbank» aksioneri Qaxramonjon Olimov Parij markazida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va tovon puli to‘langach ozod qilingani haqida yozgandi.

Xabarga ko‘ra, 48 yoshli moliyachi Parijga biznes hamkorlari bilan uchrashuv o‘tkazish maqsadida borgan. Ammo u yerda kutilmaganda garovga olingan va ikki kundan ortiq noma’lum joyda ushlab turilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov garovda bo‘lgan davrida jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlarga duch kelgan. 25-iyun kuni u Parijdagi Hotel-Dieu shifoxonasida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shifokorlar uning tanasida ko‘plab ko‘karish va jarohatlar borligini qayd etgan, Olimov uyqusizlikdan ham shikoyat qilgan.

Manbalarga ko‘ra, jabrlanuvchini garovdan ozod qilish uchun ma’lum miqdorda pul to‘langan. Hozircha tovon puli miqdori oshkor etilmagan. Voqea yuzasidan bitta shaxs «uyushgan holda odam o‘g‘irlash» aybi bilan hibsga olingan.

Shuningdek