Rieltorlar ko‘chmas mulk agenti sifatida faoliyat yuritadi

eʼlon qilindi
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullandi
Foto: Sora sun’iy intellektida tayyorlandi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdolarini raqamlashtirish va ushbu sohadagi yashirin faoliyatni kamaytirish maqsadida yangi elektron hisob-kitob tizimi joriy qilinadi. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullandi.

2010-yilda qabul qilingan amaldagi qonun o‘rnini bosuvchi yangi hujjatning asosiy maqsadlari sifatida ko‘chmas mulk bozorining shaffofligini ta’minlash, xaridorlar huquqlarini himoya qilish va sohadagi norasmiy faoliyatni kamaytirish belgilangan.

Qonun loyihasida eng muhim o‘zgarishlardan biri sifatida, ayni paytda norasmiy ravishda faoliyat yuritayotgan maklerlarga rasmiy maqom — «ko‘chmas mulk agenti» sifatida ishlashga ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa ularning faoliyatini ochiqlashtirish va firibgarlik holatlarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, bitimlar yuzasidan naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil qilish maqsadida ko‘chmas mulk savdolarida «elektron savdolar» va «kliring» tizimlarini o‘z ichiga oluvchi multipListing (ko‘p ro‘yxatli) tizimi yaratiladi. Bu orqali fuqarolar uchun «yagona darcha» tamoyili asosida xizmatlar taqdim etiladi.

Bundan tashqari, rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi subyektlarning yagona ochiq reyestri yaratiladi. Bu reyestr orqali nafaqat soha subyektlari ustidan monitoring yuritiladi, balki aholiga ular haqida ochiq ma’lumotlar taqdim etiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xaridini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek