
Xitoyning China Eastern Airlines kompaniyasiga Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, parvozlar zamonaviy Airbus A320-251N rusumli samolyotlarda amalga oshiriladi.
Mazkur yo‘nalish ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm, savdo va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Parvozlar yo‘lovchilarga Sian kabi qadimiy shahar orqali Xitoyning boshqa hududlariga ham qulay ulanish imkonini yaratadi.
Ma’lumot uchun, China Eastern Airlines Xitoyning uchinchi yirik aviakompaniyasi bo‘lib, bosh ofisi Shanxayda joylashgan. Kompaniya 100 dan ortiq yo‘nalishda xalqaro va ichki parvozlarni amalga oshiradi hamda yiliga millionlab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondan Xitoyga qaysi aviakompaniyalar muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ygani haqida yozgan edik.