
2025-yilning aprel-may oylarida o‘tkazilgan pedagoglar attestatsiyasi ortidan yuzaga kelgan noroziliklar natijasida bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi. Bu haqda Xalqtaliminfo.uz nashri xabar berdi.
Ular attestatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqish, imtihonlarni yangidan o‘tkazish, shuningdek, ma’naviy zararni undirishni talab qilmoqda.
Da’vo arizasida qayd etilishicha, o‘qituvchilar 2025-yilda o‘tkazilgan ona tili va adabiyot fanidan test natijalarini g‘ayriqonuniy deb hisoblaydi. Ular test savollarining murakkablik darajasi ajratilgan vaqtga mos kelmasligini, savollar testologik va validlik talablarga javob bermasligini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, apellyatsiya komissiyasi tomonidan yuborilgan javoblar deyarli bir xil mazmunda bo‘lgani, shikoyatlar asosli baholanmagani va pedagoglarning shaxsiy kabinetiga qarorlar o‘z vaqtida yuborilmaganligi ham e’tirozlar qatorida sanalgan.

O‘qituvchilarning huquqlarini sudda advokatlar Muhammadamin Karimjonov va Nazirjon Xatamjonov himoya qilmoqda. Da’vogarlar orasida pedagogik mahorat markazi tomonidan o‘tkazilgan attestatsiya tartibida tashkiliy va texnik kamchiliklar ham mavjudligini bildirganlar bor.