Elektron savdo va transport-logistika tizimini raqamlashtirish zarur – Mirziyoyev

2025-yil 4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident Xonkendi shahridagi samimiy qabul uchun Ozarbayjon prezidentiga minnatdorchilik bildirar ekan, mintaqada tinchlik va taraqqiyot yo‘lida qilinayotgan ishlarni e’tirof etdi.
Mirziyoyev o‘z nutqida Afg‘onistonning qayta faol ishtirokini olqishladi, Eron-Isroil ziddiyatiga doir tinchlik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi hamda Falastin xalqining huquqlarini himoya qilishga chaqirdi.
Prezident iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash, «IHT-2035» strategiyasini qabul qilish, savdo to‘siqlarini kamaytirish, elektron savdo va transport-logistika tizimini raqamlashtirish zarurligini ta’kidladi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘l loyihasi va Transafg‘on yo‘lagi orqali mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish rejalari muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Shuningdek, COP-29 sammiti natijalari doirasida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, yashil hududlar barpo etish va «Yashil dastur»ni joriy etish zarurligini ham ilgari surildi.
Nutq yakunida Prezident tashkilot faoliyatini takomillashtirish, xalqaro obro‘sini oshirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Afg‘oniston vakili bilan Transafg‘on temir yo‘li qurilishini muhokama qilgan edi.