Gadjetlar

iPhone 17 Pro Max akkumulyatorining sig‘imi oshirilishi kutilmoqda

Apple tarixidagi eng yirik batareya
iPhone 17 Pro Max
iPhone 17 Pro Max 5 000 mA/soatlik batareyaga ega bo‘ladi / Foto: Apple

GSMArena nashrining yozishicha, iPhone 17 Pro Max smartfoni 5 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi. Bu Apple tarixida ilk bor bunday katta batareya bo‘ladi.

Oldingi model – iPhone 16 Pro Max’da batareya hajmi 4 685 mA/soat edi. Yangi avlod esa ko‘proq zaryad sig‘imini taklif qiladi.

Bu Android flagmanlari orasida odatiy sig‘im bo‘lib, Samsung va Google ham 5 000 mA/soatdan ortiqcha chiqmagan. Xitoy brendlari esa endi silikon-uglerodli (Si/C) batareyalar bilan bu chegarani oshirib bormoqda.

Foto: Apple

Apple har yili Pro Max liniyasida batareyani biroz kattalashtirib kelgan. Faqatgina iPhone 14 Pro Max modelida batareya biroz kichikroq edi.

iPhone smartfonlarining batareyasi boshqa ko‘plab telefonlarnikiga qaraganda kichikroq bo‘lishi ko‘pchilikda savol uyg‘otadi. Bu Apple kompaniyasining maxsus yondashuvi bilan bog‘liq. Apple o‘z qurilmalarini ishlab chiqarishda har doim dizayn, tizim samaradorligi va foydalanuvchi tajribasini muvozanatli tarzda birlashtirishga intiladi. Shuning uchun ham iPhone’lar ichki tuzilmasida ortiqcha joy egallamaydigan, kichik hajmli, ammo samarali batareyalardan foydalanadi.

Foto: Apple

Boshqa smartfon ishlab chiqaruvchilar ko‘pincha katta hajmli batareyalarni joylashtirib, ishlash muddatini oshirishga harakat qiladi. Ammo Apple bunday yondashuv o‘rniga o‘zining iOS operatsion tizimini maksimal darajada optimallashtirgan. Ya’ni iPhone kam quvvat talab qiladigan, energiyani tejamli ishlatadigan tizimga ega bo‘lib, shu orqali kichik batareya bilan ham uzoq vaqt ishlay oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iPhone Fold prototipi sinov bosqichiga kirgani haqida yozgan edi.