Yangiliklar

Iyul oyining ilk haftasida dollar qanday o‘zgardi

Hafta davomida dollar kursi 88,24 so‘mga pasaydi
Hafta dvomida dollar kursi
Hafta dvomida dollar kursi / Foto: Kursiv Uzbekistan / Sapura Temirxanova

30-iyundan 4-iyulgacha bo‘lgan davrda AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi tebranishda davom etdi. Haftaning boshida keskin ko‘tarilgan dollar, keyingi kunlarda ketma-ket pasaydi va oxirida yana biroz yuqoriladi. Kursiv Uzbekistan nashrining navbatdagi materialida hafta davomida dollar kursi qanday o‘zgargani haqida so‘z boradi.

Dollar kursining 9-iyundan 4-iyulgacha bo‘lgan davrda o‘zgarishi

Foto: Valyuta birjasi saytidan ekran tasviri

30-iyun kuni dollar 40,84 so‘mga oshib, 12 694,97 so‘m etib belgilandi. Bu hafta boshidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

1-iyuldan boshlab esa pasayish bosqichma-bosqich boshlandi. 1-iyulda dollar 18,86 so‘mga tushib, 12 676,11 so‘mga yetdi. 2-iyulda esa eng katta tushish qayd etildi — dollar 84,4 so‘mga arzonlab, 12 591,71 so‘mni tashkil qildi. 3-iyulda yana pasayish davom etdi: 34,15 so‘mga kamayib, 12 557,56 so‘mga tushdi.

4-iyul kuni esa vaziyat o‘zgardi – dollar kursi 49,17 so‘mga ko‘tarilib, 12 606,73 so‘m etib belgilandi.

Hafta davomida dollar kursi 88,24 so‘mga pasaydi. Haftaning o‘rtasida keskin arzonlashgan dollar, oxirgi kunda oz miqdorda qayta ko‘tarildi.

O‘tgan oyning ikkinchi yarmida AQSh dollari qiymati 218,19 so‘mga kamaygan edi. 16-iyun kuni 1 dollar 12 715,13 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 17-iyunda 12 668,14 so‘mga tushdi. AQSh valyutasi 18-iyunda 12 618,63 so‘mga pastladi. 19-iyun kuni dollar yana biroz arzonlab, 12 559,26 so‘mni tashkil etdi. 20-iyun kuni dollar kursi 12 496,94 so‘mga tenglashdi.

Shu vaqt davomida AQSh dollari qiymatining pasayishi turli xil fikrlarni keltirib chiqargan edi. Iqtisodchi Yuliy Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari AQSh emas, balki Xitoy, Rossiya va Yevropadir. Shu nuqtai nazardan, so‘mning devalvatsiyasi inflyatsiya darajasida bo‘lib, bu uning real qiymatda mustahkamlanmagani yoki qadrsizlanmaganini anglatadi.

Dollar kursining tushishiga asosiy sabab – AQSh siyosatidagi beqarorlik. Donald Trampning proteksionistlik siyosati, tariflarni tez-tez o‘zgartirishi va AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) rahbariyatini ochiq tanqid qilgani investorlar orasida ishonchsizlikni keltirib chiqardi, deb tushuntirdi Yusupov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri dollar bo‘yicha yangi prognozlar e’lon qilgani haqida yozgan edi.