Lifestyle

JSST yangi epidemiya haqida ogohlantirdi

Dunyo bo‘yicha har olti kishidan biri yolg‘izlikdan aziyat chekmoqda
JSST yangi epidemiyaga oid ogohlantirish berdi. Foto: ssvuz

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning yangi hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har olti kishidan biri yolg‘izlikdan aziyat chekmoqda.

Bu holat insonlarning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, erta o‘lim ko‘rsatkichlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada aynan shu muammo tufayli dunyoda soatiga qariyb 100 nafar, yiliga 871 mingdan ortiq kishilar vafot etmoqda. JSST bu holatni global epidemiyaga teng, deb baholadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 13 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan aholining 17 – 21 foizi o‘zini yolg‘iz his qiladi, eng yuqori ko‘rsatkichlar o‘smirlar orasida qayd etilgan.

Past daromadli davlatlarda respondentlarning 24 foizi o‘zini yolg‘iz deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich yuqori daromadli mamlakatlarga nisbatan deyarli ikki baravar yuqori (11 foiz atrofida).

Yolg‘izlik va ijtimoiy yakkalanishning sabablari xilma-xildir. Ular kasalliklarning mavjudligi, daromad va ta’lim darajasining pastligi, yolg‘iz yashash, rivojlanmagan ijtimoiy infratuzilma va davlat siyosatining kamchiliklari, shuningdek, raqamli muhitning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hisobot mualliflari raqamli qurilmalardan uzoq muddat foydalanish va destruktiv onlayn muloqotning yoshlar ruhiy salomatligi va farovonligi uchun oqibatlariga e’tiborli bo‘lish muhimligini ta’kidlaydi.

«Yolg‘izlik va ijtimoiy yakkalanish insult, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, kognitiv buzilishlar va erta o‘lim xavfini oshiradi. Ular, shuningdek, yolg‘iz odamlarda depressiya xavfini ikki baravar oshirib, ruhiy salomatlikni ham tushkunlikka soladi. Yolg‘izlik xavotirli buzilishlarga olib kelishi, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va o‘z joniga qasd qilishga moyillikni kuchaytirishi mumkin», – deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, yolg‘izlik ta’lim va ishga joylashishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yolg‘izlikdan aziyat chekadigan o‘smirlarda 22 foizga ko‘proq o‘zlashtirishning pasayishi va ta’lim yutuqlarining yetishmasligi kuzatiladi. Yolg‘iz kattalar uchun ko‘pincha ish topish va uni saqlab qolish qiyinroq bo‘ladi, ularning daromadi esa vaqt o‘tishi bilan pasayishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan survivor sindromi haqida yozgandi. Bu atama asosan urush, tabiiy ofatlar, avtohalokat, pandemiya yoki katta falokatlardan omon qolgan odamlarning ruhiy holatini ifodalaydi. Bunday vaziyatda odamlar omon qolganidan xursand bo‘lib yashamaydi, aksincha o‘zini aybdor, tushkun va ruhiy qiynoqda his qiladi.