
Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar ulushi oshmoqda.
2025-yil 1-iyun holatiga mamlakatdagi mikromoliya tashkilotlarining (MMT) jami kredit portfeli 9,13 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 75,1 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon o‘sish 25 foizni tashkil etdi.
Bozorning eng yirik ishtirokchisi 2,2 trln so‘mlik portfelga ega TezCoin mikromoliya tashkiloti bo‘lib, keyingi o‘rinlarda qariyb 2,1 trln so‘mlik Shaffof-moliya va 1 trln so‘mlik kreditga ega Fortuna Biznes turibdi.
Shu bilan birga, muammoli kreditlar ulushi (NPL) ham ortgan. 2024-yil 1-iyun holatiga bu ko‘rsatkich 2,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil 1-iyunga kelib u 4,0 foizga yetgan. Bu esa bir yil davomida muammoli kreditlar ulushi 1,4 foiz punktga oshganini bildiradi.
Bundan tashqari, 2025-yil iyun oyi boshida O‘zbekistonda 118 ta mikromoliya tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, yil boshida ularning soni 100 tani tashkil etgan.
Avvalroq may oyida banklardagi muammoli kreditlar ulushi 4,1% gacha kamaygani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, banklar bo‘yicha muammoli kreditlar ulushi (NPL) 4,2% dan 4,1% gacha pasaydi.
Eng katta ijobiy o‘zgarishlar Garant bank (22,4% → 18,9%) va AVO bank (12,7% → 11,7%)da kuzatildi. Asia Alliance Bank, Turon bank va Yangi bank ham muammoli kreditlarini qisqartirdi.