
Moskvada telefoni uch kun o‘chib qolgan migrantlar ro‘yxatdan chiqariladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni maxsus ilova orqali hisobga olishning yangi tizimi ishga tushiriladi. Ushbu tizimga ko‘ra, migrantning telefon geolokatsiyasi uch ish kuni davomida aniqlanmasa, u avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqariladi.
Ya’ni agar kishi telefonni o‘chirsa, boshqa joyga ketsa yoki ilovadan foydalanmasa, bu ro‘yxatdan chiqarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, migrant Rossiyadan chiqib ketsa, vafot etsa yoki ushbu tajriba o‘tkazilmayotgan boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tsa, ro‘yxatdan chiqariladi. Yangi qoidalar 2029-yil 1-sentabrgacha amal qiladi.
Avvalroq Rossiyaga ruID ilovasi orqali kirish arizasi ixtiyoriy bo‘lishi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, bu arizani to‘ldirish majburiy emas: u yo‘qligi chegaradan o‘tishga ta’sir qilmaydi va kirishga rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.
Biroq ariza to‘ldirilgan taqdirda xorijiy fuqarolar oldindan kirish cheklovlarini tekshirish, avtomatik SNILS olish va raqamli profil orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.