
Toshkent viloyatining Ohangaron shahar hokimligida xizmat mavqeyidan foydalanib, firibgarlik qilgan mansabdor shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur shaxs 1958-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, hozirda hokimiyat balansiga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan uch xonali xonadonni sud tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qiladi.

U uy narxini $15 mingga kelishib, sud organlaridagi tanishlari uchun $3,5 ming berishini aytib, jami $18,5 ming talab qiladi.
Ammo u oldindan $9,5 ming olayotgan vaqtida DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda hokimiyat vakiliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘ng‘irotda obodonlashtirish boshqarmasiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olingan edi.