Kursiv Event

O‘zbekistonda IPO: kompaniyalar fond bozoriga chiqishdan oldin nimalarni bilishi kerak

Yakuniy sessiya IPO va birja orqali kapital jalb qilish mavzusiga bag‘ishlandi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekistonda kapital bozori: investitsiya uchun yangi imkoniyatlar» mavzusidagi sohaviy konferensiyasining yakuniy sessiyasi IPO (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) va birja orqali kapital jalb qilish mavzusiga bag‘ishlandi. Sessiyaga Investitsiya institutlari milliy assotsiatsiyasi (IIMA) bosh kotibi Timur Hasanov moderatorlik qildi. Unda xalqaro va mahalliy birja infratuzilmasi, investitsiya kompaniyalari va tahliliy hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.

Ayuna Nechayeva: O‘zbekistonning xalqaro bozorlarga chiqadigan vaqti keldi

London O‘zbekiston kapitali uchun imkoniyatlar oynasi

Sessiyani London fond birjasining birlamchi bozorlar bo‘yicha Yevropa yo‘nalishi rahbari Ayuna Nechayeva boshlab berdi. U onlayn so‘zlagan nutqida O‘zbekiston allaqachon London orqali kapitalni muvaffaqiyatli jalb qilayotganini ta’kidladi.

«Respublikadagi kompaniyalar qariyb $2 milliard miqdorida obligatsiyalar joylashtirdi, jumladan, o‘tgan hafta «Navoiyuran» kompaniyasi $300 millionlik emissiyani amalga oshirdi».

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Spikerning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda aynan Yevropa bozorlari AQShdagi beqarorlik fonida foyda ko‘rmoqda, chunki investorlar kamroq o‘zgaruvchan va tushunarliroq yurisdiksiyaga ega maydonlarni izlamoqda.

«London birjasi Yevropadagi eng yirik birja bo‘lib qolmoqda va global beqarorlik sharoitida yuqori faollikni namoyon etmoqda», – dedi u.

AIM va mintaqaviy misollar: birjaga yo‘l

Nechayeva London investorlarni dunyoning turli mamlakatlaridan jalb qilayotganini ta’kidladi. Bu yerda sarmoyaning atigi 38 foizi Buyuk Britaniyaning o‘zidan, qolgan 62 foizi esa AQSh, Yevropa va Yaqin Sharqdan kirib keladi. Bu esa Londondagi birjani rivojlanayotgan davlatlar uchun, jumladan, O‘zbekiston kompaniyalariga ham qulay maydonga aylantiradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, London birjasi nafaqat yirik davlat kompaniyalari, balki xususiy biznes bilan ham faol ishlaydi. Aynan shu maqsadda bu yerda AIM (Alternative Investment Market) deb ataluvchi maxsus platforma faoliyat yuritadi. Unda aksiyalarni joylashtirish talablari yengillashtirilgan bo‘lsa-da, kompaniyalar global investorlar auditoriyasiga chiqish imkoniyatini saqlab qoladi.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

«Bu – tez sur’atlarda o‘sayotgan kompaniyalar, jumladan, Series C yoki D bosqichidagi startaplar uchun ideal yo‘ldir», dedi spiker.

U, shuningdek, Qozog‘istondagi fintech kompaniya Kaspi misolini ham izohlab o‘tdi. Kompaniya avval Londonda muvaffaqiyatli IPO o‘tkazgan va bozordagi kapitallashuvi $6,5 milliarddan $29 milliardga oshgan. Keyinroq Kaspi AQSh bozoriga o‘tgach, short-sellerlar tanqididan so‘ng kompaniya aksiyalari pasayishni boshlagan.

«Londondagi investorlar mintaqaviy xatarlarni yaxshiroq tushunadi. London – bu spekulyatsiya uchun emas, balki barqaror o‘sish uchun mo‘ljallangan joy», deya ta’kidladi u.

IPO’ga tayyorgarlik ko‘rish uchun kompaniyalarga nima kerak

O‘zbekiston kompaniyalari uchun tavsiyalar sifatida spiker uchta omilning muhimligini ta’kidladi: mustaqil direktorlar ishtirokidagi korporativ boshqaruv, shaffoflik va moliyaviy hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) yoki Milliy buxgalteriya standartlari (MBS) asosida yuritish, shuningdek, aksiyalarni ommaga taklif qilish (IPO) jarayoniga strategik tayyorgarlik ko‘rish.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

«Yaxshi IPO uchun 3 oydan 6 oygacha vaqt ketadi. Asosiysi, o‘z vaqtida boshlash va to‘g‘ri hamkorni tanlash: broker, yurist, birja kerak».

Farrux Xo‘jayev: Obligatsiyalarni unutmang

IPO va obligatsiyalar: ikki xil yondashuv

Sessiyani Kap Depo investitsiya kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Farrux Xodjayev davom ettirib, birjaga chiqishning amaliy jihatlariga e’tibor qaratdi. U quyidagilarni ta’kidladi.

«Bozorga chiqishning ikki shakli bor: IPO va obligatsiyalar. IPO — bu kompaniyaning mulkni bo‘lishishga tayyorligi. Obligatsiyalar esa mablag‘lar kerak bo‘lganda, lekin egalik qilish tuzilmasini o‘zgartirish istagi bo‘lmaganda kerak bo‘ladi».

Investorlar emitentlardan nima kutmoqda

Spikerning tushuntirishicha, korporativ obligatsiyalar aniq moliyalashtirish yo‘nalishlari, ya’ni qurilish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yoki aylanma mablag‘larni to‘ldirish kabi maqsadlari bo‘lsa, hatto kichik va o‘rta korxonalar uchun ham mos keladi. Shuningdek, u bozorda institutsional investorlar hamon yetarli darajada mavjud emasligiga e’tibor qaratdi.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Muvaffaqiyatli joylashtirish misoli sifatida u «O‘zbekinvest» kompaniyasining imtiyozli aksiyalari va yillik 24 foiz qat’iy daromadli IPO’sini tilga oldi. Bu, ayniqsa, ikkilamchi bozorga chiqish imkoniyati bilan investorlar uchun qulay mahsulotga aylandi.

Bundan tashqari, spiker kompaniyalar anderrayter tanlashga jiddiy yondashishlari, auditor, maslahatchilar va kuchli IR jamoasi mavjudligini hisobga olishlari zarurligini ta’kidladi. Bularsiz bozorga kirish texnik jihatdan murakkab bo‘lib, investorlar tomonidan talab cheklangan bo‘ladi.

Vladimir Lindel: qoidalar tushunarli bo‘lishi shart

Emitentlarga qanday talablar qo‘yilmoqda

«Toshkent» Respublika fond birjasi biznesni rivojlantirish yo‘nalishi rahbari Vladimir Lindel O‘zbekistondagi kompaniyalarga qo‘yiladigan talablar xorijiy maydonlarga nisbatan ancha yengilroq ekanligini ta’kidladi. Emitent yuridik, moliyaviy va korporativ mezonlarga mos kelishi, XMHS yoki BMS bo‘yicha hisobotlarga, mustaqil direktorlarga ega bo‘lishi, shuningdek, muhim faktlar va mulkchilik tuzilmasini ochib berishi lozim.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Uning aytishicha, birjaga chiqishning asosiy to‘siqlari moslashuvchanlikni yo‘qotishdan qo‘rqish va yuqori tartibga solish mas’uliyatini his qilishdir. Ko‘plab kompaniyalar aksiyadorlik jamiyatiga aylanishni istamaydi, chunki bu qo‘shimcha hisobotlar taqdim etishni, yig‘ilishlar o‘tkazishni va rasmiy tartib-qoidalarga rioya qilishni talab etadi, ayniqsa ma’lumotlarni oshkor qilish masalasiga jiddiy qaraladi.

Tayyorgarlik ko‘rish va xatarlarni minimallashtirish

IPO’ga tayyorgarlik jarayoni bir yarim yilgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt ichida kompaniya korporativ boshqaruvni yo‘lga qo‘yishi, audit o‘tkazishi, IR strategiyasini ishlab chiqishi va maslahatchilar jamoasini jalb qilishi kerak. Uning ta’kidlashicha, xavflarni kamaytirishda KPMG va EY (Ernst & Young) kabi xalqaro va mahalliy kompaniyalarning maslahatchilari muhim rol o‘ynaydi.

Lindelning qo‘shimcha qilishicha, uning amaliyotida jiddiy muvaffaqiyatsizliklar bo‘lmagan, chunki kompaniyalar oldindan filtrdan o‘tadi va joylashtirish bosqichiga tayyor bo‘lib chiqadi. Uning fikricha, jiddiy xatolar ko‘pincha birjada emas, balki korporativ rejalashtirish va tayyorgarlikni baholash darajasida sodir bo‘ladi.

Boris Bondar: Kichik biznes shaffoflikdan qo‘rqmoqda

Biznes nima uchun IPO’ga shoshmayapti

Freedom Broker kompaniyasining investitsiya tahlilchisi Boris Bondarning fikricha, kichik va o‘rta biznesning birjaga chiqishidagi asosiy muammo huquqiy cheklovlarda emas, balki psixologik tayyorgarlikning yetishmasligidadir.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Huquqiy imkoniyatlar mavjudligiga qaramay, tadbirkorlar mulk, kapital, pul oqimlari tuzilmasi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishdan qo‘rqishadi. Ko‘pincha mulkdorlar kapitallashuvning uzoq muddatli o‘sishiga emas, balki tezkor nazoratga e’tibor qaratadi. Ular uchun IPO strategik o‘sish manbai emas, balki boshqaruvga bo‘lgan potensial tahdiddir.

Bozor fikrini qanday o‘zgartirish mumkin

Tahlilchining fikricha, ijobiy holatlarni namoyish etish orqali o‘zgarishlarga erishish mumkin. IPO’ni muvaffaqiyatli o‘tkazgan ommaviy kompaniyalar boshqalar uchun namunaga aylanadi. Shuningdek, u moliyaviy savodxonlik bilan ishlash muhimligini ta’kidladi. Kompaniyalar ommaviylikni zaiflik sifatida qabul qilar ekan, bozor yangi bosqichga ko‘tarila olmaydi.

Bondar shaffoflik investorlar ishonchini oshirishi va xavf uchun to‘lanadigan xarajatni kamaytirishini eslatib o‘tdi. Aynan shu omil kompaniyalarni fond birjasida aksiyalarini joylashtirishga undovchi asosiy dalil bo‘lishi kerak.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Bozor o‘syapti, lekin biznesga jasorat kerak

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston fond bozorini ommabop qilish uchun nafaqat tartib-qoidalarni soddalashtirish va vositalarni kengaytirish, balki biznes va investorlarning ishonchi uchun ham ishlash kerak. Faqat shaffof infratuzilma va yetuk birja madaniyati sharoitida barqaror joylashtirish oqimini shakllantirish haqida gapirish mumkin.