O‘zbekistondan Rossiyaga yuborilgan shaftoli partiyasida xavfli zararkunanda aniqlandi

O‘zbekistondan Rossiyaga yuborilgan shaftoli partiyasida xavfli zararkunanda – Sharq mevaxo‘ri (Grapholita molesta) aniqlandi. Bu haqda Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, zararlangan mevalar 25-iyun kuni Rossiyaning Kaliningrad viloyatidagi Sirius vaqtinchalik saqlash omborida fitosanitariya nazorati davomida aniqlangan. Mutaxassislar aniqlagan zararkunanda karantin obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligiga katta xavf tug‘diradi.
Amaldagi me’yorlarga muvofiq, zararlangan mahsulot bojxona nazoratidan o‘tkazilmaydi va majburiy fitosanitariya dezinfeksiyasiga yo‘naltiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, Sharq mevaxo‘ri xavfli zararkunanda bo‘lib, deyarli barcha meva ekinlarining meva va novdalarini zararlaydi. Hosilni 100 foizigacha yo‘q qilishga qodir. U hosilga katta zarar yetkazishi mumkinligiga qaramay, u inson uchun xavf tug‘dirmaydi.
Avvalroq O‘zbekistonning issiqxona pomidorlari eksporti keskin kamaygani haqida yozgandik.
EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, eksportning barqaror pasayishiga asosan O‘zbekiston tomonidan an’anaviy ravishda yetkazib beriladigan asosiy bozorlarda Turkmaniston pomidorlarining jadal kengayishi ta’sir ko‘rsatmoqda.