
Qozog‘istondagi birinchi raqamli buqani aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Bu haqda Kursiv Media nashri xabar berdi.
Mazkur tanlov an’anaviy qishloq xo‘jaligi forumi doirasida Ostona shahridan 20 km uzoqlikdagi Nuresil qishlog‘ida o‘tkaziladi. G‘olibga esa YTO traktori topshiriladi.
Tadbir joriy yilning 17-18-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Aynan Nuresil qishlog‘ida naslli chorvachilik bo‘yicha AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya va Qozog‘iston ekspertlaridan iborat hakamlar hay’ati eng yaxshi buqani tanlaydi.
Tanlov chorvachilikka bag‘ishlangan maxsus dasturning eng muhim qismi bo‘ladi. Uning doirasida qishloq xo‘jaligi hayvonlari ko‘rgazmalari, Angus, Avliyekol, Gereford, Qozoq oqbosh va Qalmoq zotlari bo‘yicha tanlovlar hamda buqalar auksionlari o‘tkaziladi. Mehmonlar uchun Black Angus, Qozoq oqbosh, Qalmoq Meat va «Stolichnaya trapeza» brendlari ishtirokida steyk festivali va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Jana Dala / Green Day ko‘rgazmasiga 20 dan ortiq mamlakatdan 200 dan ziyod kompaniya va 5 mingga yaqin qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari qatnashishi kutilmoqda. Ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi texnikasi, dehqonchilik, chorvachilik, genetika, seleksiya, veterinariya, agronomiya, agroximyo va organik dehqonchilik sohalaridagi yutuqlar namoyish etiladi. 500 dan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi va zamonaviy jihozlar ko‘rsatib beriladi.

Tadbir doirasida AQSh, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Polsha, Chexiya, Niderlandiya va Belarus davlatlari milliy pavilyonlari taqdimotlari bo‘lib o‘tadi. Fransiya ko‘rgazmaning rasmiy hamkori sifatida ishtirok etadi. Tadbirga Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri, Aqmola viloyati hokimi, Fransiya, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya elchilari, Rossiya vakillari va mintaqalar hokimliklari delegatsiyalari tashrifi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri qanday qoramollarni boqish foydali ekanligi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda chorvadorlar asosan mahalliy iqlimga moslashgan to‘rtta asosiy qoramol zotini boqib kelmoqda. Bular: qora-ola, qizil cho‘l, shvits va bushuyev zotlari.