Yangiliklar

Qozoq – o‘zbek chegarasida o‘nlab yuk mashinalari to‘xtab qoldi

Bauirjan Konisbaev nomidagi bojxona bekatida
Qozoq – o‘zbek chegara bekatida o‘nlab yuk mashinalari to‘xtab turibdi. Foto: zakon.kz

Qozoq – o‘zbek chegara postida o‘nlab yuk mashinalari to‘xtab qoldi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Turkiston viloyatining Keles tumanida joylashgan «Bauirjan Konisbayev» bojxona postida o‘nlab yuk mashinalari bir haftadan ortiq vaqtdan beri to‘xtab qolgan. O‘zbekistondan meva-sabzavot ortib kelgan haydovchi va tadbirkorlar mahsulotlari buzilib, isrof bo‘layotgani sabab zarar ko‘rayotganini aytishmoqda.

Haydovchilarning aytishicha, bojxona postida o‘nlab yuk mashinasi bir necha kundan beri o‘tmay turibdi. Post ularni Qozog‘istonga o‘tkazgan, biroq ichkariga kirishga ruxsat bermagan va buning sababini tushuntirmagan.

«Bu yerga kirib kelganimga 5 kun bo‘ldi. Men ortgan yukim – tez buziladigan mahsulot. Hali ham hech bir sabab ko‘rsatmay ushlab turibdi. Hujjatlarimiz to‘liq, hammasi to‘g‘ri. Nega chiqarishmayapti, tushunarsiz», deydi haydovchilardan biri.

Yana bir haydovchi yuk mashinasining eshigini ochib, ichidagi uzum va shaftolining bir yashigini tashqariga chiqarib ko‘rsatdi.

«Mana buni qaranglar? Bu nima degan gap? Hammasi oqib ketyapti. Kim bunga javob beradi? Axir buni odam yeydi-ku!» deydi u.

Haydovchilar jazirama iyul oyida ortilgan mahsulotlari buzilib, yaroqsiz bo‘lib qolishidan xavotirda. Tadbirkorlar esa katta zarar ko‘rayotganini ta’kidlashmoqda.

«10 kundan beri yuk mashinalarimizni shu yerda to‘xtatib qo‘yishdi. 10 kun turgan 3-4 ta mashinani ichidagi yuk buzilib, shovqin ko‘tarilgach chiqardi. Qolganlari hali ham quyosh tagida turibdi. Ichida faqat tez buziladigan mahsulotlar o‘rik, uzum, shaftoli, bodring, pomidor kabi meva va sabzavotlar. Quyoshda qizib, suvi oqib, yaroqsiz bo‘lib boryapti. Endi uni chorvaga bersangiz ham yemaydi. Zararimiz kattalashmoqda», deydi «Global fruits KZ» MChJ vakili Azamat Bauirjan.

«Baurjan Qonisbayev» bojxona posti boshlig‘i o‘rinbosari Darxan Baydullayev haydovchilarning mashinalar bir haftadan beri turibdi, degan iddaolarini rad etdi.

«Hozirgi vaqtda bojxona nazorati bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda. 8 ta mashinadan biriga alohida tekshiruv tayinlandi. Ya’ni inspeksiya tekshiruv kompleksidan o‘tayotganda hujjatlarda ko‘rsatilgan tez buziladigan mahsulotlarga nisbatan «mos emas» degan shubha paydo bo‘lib, vaziyat nazorati boshqarmasi tomonidan maxsus belgi qo‘yildi. Hozir batafsil bojxona tekshiruvi o‘tkazilmoqda», deydi Baydullayev.

Darxan Baydullaevning aytishicha, Bojxona kodeksi qonunlariga ko‘ra, barcha hujjatlari to‘g‘ri bo‘lsa, har qanday yuk mashinasi bojxona hududidan 3-4 soat ichida hech qanday to‘siqsiz o‘tkaziladi. Agar hujjatlarda kamchilik bo‘lsa, mashina vaqtincha bojxona hududiga kiritiladi va hujjatlar to‘liq bo‘lgach chiqarib yuboriladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning meva eksporti o‘sishiga chegaradagi kechikishlar to‘siq bo‘layotgani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning aprel oyida Yevropaning bir qator mamlakatlarida sovuq ob-havo meva yetishtirishga jiddiy zarar yetkazgan. Bu fon ostida O‘zbekiston mevalarning barqaror yetkazib beruvchilaridan biri sifatida ajralib turibdi. Chunki bu yerda hosil sovuqdan zarar ko‘rmagan.

Biroq eksport hajmining keskin oshishi mamlakatning logistika infratuzilmasida mavjud muammolarni yuzaga chiqardi. Chegara punktlari bu kabi katta yuk hajmini ko‘tara olmayapti. Hujjatlarni qayta ishlashda raqamlashtirishning yo‘qligi esa chegarada tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda.