Yangiliklar

Samarqand no‘xat sho‘ragi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Geografik koʻrsatkich sifatida
Samarqand no‘xat sho‘ragi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi / Foto: Ijtimoiy tarmoq

Adliya vazirligi va Samarqand viloyati adliya boshqarmasi hamda «Intellektual mulk markazi»ning koʻmagi bilan Samarqand no‘xat sho‘ragi geografik koʻrsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda vazirlik ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, «Geografik koʻrsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, bu belgi mahsulotning sifati va nom qozonganligi uning geografik joylashuviga bog‘liqligini bildiradi.

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattarov «Samarqand no‘xat sho‘ragi» hujjatini viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevga topshirdi.

Geografik koʻrsatkich mahsulotning haqiqiyligini va noyobligini himoya qiladi. U mahsulotni boshqa hududlarda soxtalashtirishdan saqlaydi va iste’molchilarga asl sifatni kafolatlaydi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga brend yaratishda yordam beradi, hududning madaniy merosini saqlaydi va iqtisodiy rivojlanishga turtki bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tuxum barak» milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi.