
«So‘g‘diyona» jamoasi yozgi transfer oynasida faol harakat qilmoqda. Jizzax klubi qisqa muddat ichida ikkita muhim transferni e’lon qildi – jamoa tarkibiga Jasur Jaloliddinov va Sardor Rahmonov qo‘shildi.
Iqtidorli yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov «So‘g‘diyona» bilan bir yarim yillik shartnoma imzoladi. 23 yoshli futbolchi oxirgi mavsumni Ozarbayjonning «Sumgayit» klubida o‘tkazdi. U bunga qadar:
- «Bunyodkor» (O‘zbekiston);
- «Lokomotiv» (Rossiya);
- «Tambov» (Rossiya);
- «Andijon», «Lokomotiv », «Olimpik» (O‘zbekiston);
- «Qayrat» (Qozog‘iston);
- «Neftchi» (Farg‘ona) kabi jamoalar sharafini himoya qilgan.
Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining transfer bahosi 600 ming yevroga teng.



Foto: So‘g‘diyona futbol klubi
Klub, shuningdek, tajribali markaziy himoyachi Sardor Rahmonov bilan ham bir yarim yillik shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. 31 yoshli futbolchi faoliyati davomida quyidagi jamoalarda to‘p surgan:
- «Mash’al»;
- «Lokomotiv»;
- «Neftchi»;
- «Buxoro»;
- «OKMK».
Rahmonov O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarida faol ishtirok etgan – U-19, U-21 va U-23 toifalarida mamlakat sharafini himoya qilgan.
«So‘g‘diyona» rahbariyati bu transferlar orqali jamoaning ikkinchi davradagi natijalarini yaxshilashga umid qilmoqda. Klub ayni paytda Superligada yuqori o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov Turkiya klubi bilan shartnoma imzolash arafasida ekanligi haqida xabar bergan edi.