Surxondaryo va Farg‘onada noqonuniy yer savdosiga uringanlar qo‘lga olindi

Denov va Bag‘dod tumanlarida yer maydonlarini noqonuniy ravishda sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti xabar berdi.
Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro bir muhandis bilan til biriktirib, boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirgan. Ular davlat zaxirasidagi 65 sotix yer maydonini 1,1 mlrd so‘mga sotishga kelishib, 300 mln so‘mni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Xuddi shunday holat Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ham aniqlangan. Bir fermer xo‘jaligi ishchisi fuqaro bilan kelishib, xo‘jalikka qarashli 26 sotix va suv tarmog‘i hududidagi 14 sotix yer maydonini $60 mingga sotmoqchi bo‘lgan. U $35 mingni olayotganida ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq departament tomonidan Qo‘ng‘irotda obodonlashtirish boshqarmasiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olingan edi.