Banklar va moliya

TBC Uzbekistan onlayn sug‘urtani ishga tushirmoqda

Foto: TBC Uzbekistan

TBC Sug‘urta kompaniyasining tashkil etilishi TBC Uzbekistan uchun sug‘urtaning butun bir yo‘nalishini ochadigan va ekotizimning barcha mahsulotlari o‘rtasidagi sinergiyani kuchaytiradigan muhim strategik qadamdir.

TBC Sug‘urta 2025-yil mart oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligidan hayotni sug‘urtalash sohasida litsenziya olgan va aprel oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Dastlabki uch oy ichida kompaniya 140 000 dan ortiq sug‘urta polislarini chiqarib, sezilarli natijalarni ko‘rsatdi – sug‘urta mukofotlari hajmi $2,97 mlndan oshdi.

Onlayn sug‘urta – ofisga tashrif buyurmasdan sug‘urta polislarini rasmiylashtirish va ularga xizmat ko‘rsatishning to‘liq raqamli xizmati. TBC Sug‘urta polisini TBC UZ mobil ilovasida kredit olish uchun ariza topshirganingizda olishingiz mumkin, bu esa jarayonni mijozlar uchun imkon qadar qulay qiladi.

«Biz sug‘urtaga mijozlarga o‘zlarini yanada himoyalangan va moliyaviy qarorlarida ishonchli his qilishlariga yordam beradigan TBC ekotizimining ajralmas qismi sifatida qaraymiz. Biz har bir mahsulot bir-birini to‘ldiradigan va mijozlar uchun qiymatni oshiradigan raqamli ekotizimning puxta o‘ylangan arxitekturasini yaratish uchun bu yo‘nalishni yanada rivojlantiramiz. Sug‘urta ushbu jarayonning asosiy elementi bo‘lib, ekotizimimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga yordam beradi», – deydi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.

Yekaterina Lotoushvili / Foto: TBC Bank

Gruziya va Buyuk Britaniya sug‘urta kompaniyalarida, shu jumladan jahon sug‘urta bozorida yetakchi bo‘lgan Lloyd’s of London sug‘urta kompaniyasida 25 yillik tajribaga ega top-menejer Yekaterina Lotuashvili TBC Sug‘urtaga rahbarlik qiladi. Yekaterina boshqaruv va tijorat ekspertizasini bank sug‘urtasini rivojlantirish, sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va sug‘urta xatarlarini boshqarish bo‘yicha amaliy tajriba bilan birlashtiradi. Uning rahbarligida TBC Uzbekistan kredit olishda hayotni sug‘urtalash dasturini muvaffaqiyatli ishga tushirdi. Keyinchalik ushbu xizmat ekotizimning boshqa mahsulotlaridan foydalanuvchilar uchun ham mavjud bo‘ladi.

«Atrofimizdagi dunyoni oldindan aytib bo‘lmaydi, shuning uchun har qanday kutilmagan hodisa rejalashtirilmagan moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Sug‘urta – bunday xavf-xatarlardan himoyalanishga va shaxsiy byudjet barqarorligini saqlashga yordam beradigan arzon va ishonchli vositadir. Onlayn format esa uni hamma uchun ochiq qiladi va shu bilan butun sohaning rivojlanishini tezlashtiradi», – deydi TBC Sug‘urta bosh direktori Yekaterina Lotuashvili.

TBC Sug‘urta O‘zbekiston sug‘urta bozorini to‘liq raqamli yechimlar asosida rivojlantirish va sug‘urta mahsulotlari qatorini kengaytirishga hissa qo‘shadi. Ekotizimning 19,7 million foydalanuvchisiga kirish imkoniyati, brendning yuqori tanilishi va mijozlarning sodiqligi tufayli kompaniya hayotni sug‘urtalash va boshqa shaxsiy sug‘urta mahsulotlari segmentida yetakchi o‘rinni egallashga intilmoqda.

TBC Sug‘urta haqida
«TBC Sug‘urta» AJ – TBC Uzbekistan tarkibiga kiruvchi sug‘urta kompaniyasi. Hayot sug‘urtasi (I-VII sinflar) va ixtiyoriy umumiy sug‘urta (1, 2, 18-sinflar) sohalarida faoliyat yuritadi.