
Vivo kompaniyasi Vivo X200 FE va X Fold5 smartfonlarini Hindistonda 14-iyul kuni rasman taqdim etishini e’lon qildi. Bu ikki model bir kunda, ya’ni yakshanbada namoyish etiladi, deya yozmoqda GSMArena nashri.
Unga ko‘ra, Vivo X Fold5 faqat Titanium Gray rangida taklif etiladi. X200 FE esa Luxe Black (qora) va Amber Yellow (sariq) ranglarda sotuvga chiqadi.
Ikkala smartfonning texnik xususiyatlari boshqa davlatlardagidek qoladi. X200 FE modeli Dimensity 9300+ protsessori, 6,31 dyuymli 120 Gs AMOLED displey, uchta 50 MP kamera va 6 500 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Uning korpusi suv va changdan IP68/69 darajada himoyalangan.
X Fold5 Snapdragon 8 Gen 3 chipi, uchta 50 MP kamera va 6 000 mA/soatli batareyaga ega. Qurilma 8,03 dyuymli bukiluvchi displey va 6,53 dyuymli tashqi ekran bilan ta’minlangan.
Har ikkala smartfon ham Android 15 asosidagi Funtouch OS 15 tizimida ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vivo X Fold 5 rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.