
Geely kompaniyasi 4-iyul kuni Geely Galaxy E5 modeli (xorijda EX5 nomi bilan tanilgan) elektromobilining umumiy savdosi 150 ming donadan oshganini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model 2023-yil avgustida Xitoyda ilk bor taqdim etilgan. 2024-yilning o‘zida 77 ming dona avtomobil yetkazib berilgan.

Model sakkiz xil tashqi rangda taklif etiladi: qizil, pushti, kulrang, yashil, oq, kumush, ko‘k va qora.
Xorijiy bozorlarda EX5 nomi ostida sotilayotgan avtomobil Gretsiya, Indoneziya, Tailand, Avstraliya va Adriatika davlatlariga eksport qilinmoqda.
Geely Galaxy E5 GEA (Global Electric Architecture) platformasida ishlab chiqilgan. Uzunligi 4615 mm, eni 1901 mm, balandligi 1670 mm. G‘ildirak bazasi esa 2750 mmni tashkil etadi. Aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti – 0,269 Cd.

Mashina 160 kVt (215 ot kuchi) quvvatga ega old elektromotor bilan jihozlangan. U 320 Nm aylanish momenti beradi. Modelda 49,52 kVt/soat va 60,22 kVt/soatli ikki xil akkumulyator mavjud. Mos ravishda, ular 440 km va 530 km masofaga zaryad yetkazadi.
100 km/soat tezlikka chiqish vaqti – 6,9 soniya. Eng yuqori tezligi – 180 km/soat. Elektr energiyasi iste’moli 100 km uchun atigi 11,9 kVt/soatni tashkil etadi.

Tezkor quvvatlash rejimida akkumulyatorni 30% dan 80% gacha 20 daqiqada quvvatlash mumkin. Bu 135 km masofani bosib o‘tishga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 12 ming dollarlik Geely Icon avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.